Abdulhamid Cho‘lpon "Kecha va Kunduz
Sanoqda adashmagan bo‘lsam bu kitobni uchinchi marta tugatibman. Boshida judayam zerikarli tuyulsa kerak degan asarimni Cho‘lponning chiroyli jumlalariga mahliyo bo‘lib o‘qidim. Haqiqatda takrorlanmas badiiyat, takrorlanmas topilmalar judayam ko‘p. Ijodkor aynan o‘zining davri va hozir uchun ham katta iste'dod na‘munasi.
Kitobdan ba‘zi jumlalarni belgilab olgandim: "O‘z uyining qabriston qadar jimjit, xonaqohlar qadar unsiz, o‘z ko‘ngli qadar tund va xo‘mraygan bo‘lishini istagan Razzoq so‘fi xuddi shu ola-to‘palon ustiga kirib keladi". So‘fining ta‘riflariga yana bir bor diqqat qilamiz: "Kulmasdan chidab bo‘lmaydigan maqomlarda u ham kulardi, lekin u kulishni – kasal odamning kulishiday og‘ir, bir xil sovuq hazillarday malol keltiruvchi, yolg‘on xushomadday ko‘ngilga uruvchi bo‘lardi". Har ikkala keltirgan misolimda ham til imkoniyati, o'xshatish, personaj xarakterini ochish judayam zo‘r.
Hozir faqat misollar bilan zeriktirmoqchi emasman. Men yaqinda o‘zim uchun bir narsani kashf ettim. Ya‘ni odam yoshligida yoki o‘smirligida o‘qigan kitoblarini takror o‘qishi, hozirgi dunyoqarashi bilan boqishi umuman boshqa narsa berarkan. Kanalda ko‘pchilik nega jahon adabiyoti o‘qishim, o‘zbek adabiyotini nazardan chetda qoldirishimni gapirishadi. Lekin maktab yillari deyarli o‘zbek adabiyoti o‘qiganman, abituriеntligim va birinchi kursligim ham shunday o‘tgan. Jahon adabiyoti darslaridan keyin boshqa xalqlar dunyosiga bo‘lgan qiziqishim ortib, hozir ko‘por jahon adabiyotiga murojaat qilaman. Ammo bu o‘zbek adabiyotini o‘qimaganligim yoki undan chetda ekanligimni anglatmaydi.
"Kecha va kunduz" ni o‘qib shunga amin bo‘ldimki: Cho‘lpon davr ruhini va o‘z zamonasining ahvolini boricha, keragicha yorita olgan. Qahramonlar xarakteri, Miryoqub epaqa misolida oladigan bo‘lsak, yaxshi ko‘rsatilgan. Uning atrofdagilar va o‘zi bilan kechgan monologlari, yoki poyezddagi xayoliy xatlari botinidagi jarayonlar, ichki o‘zgarishlarini ochiq ko‘rsatgan. U romanda bosh qahramondan keyingi asosiy o'rinni egallaydi, voqealar rivojidagi o'zgarishlarga bevosita ta‘sir ko‘rsatib turadi. Xuddi Oskar Uayldda Dorian Grey bosh qahramon-u, roman Lord Genrining qarashlariga qurulgani kabi. Bunda kitob Zebining fojiasi, unda ham Dorian halokati bilan yakunlanadi.
Zebi bu bitta taqdir emas, butun boshli millatdagi qizlarning holi, omiligi, ayanchli taqdirini o‘zida jamlagan. Bu mavzuda Cho‘lponning novella, hikoya, she‘rlari ko‘p. "Kecha va kunduz"da yanada yaxlit va aniq aks etgan. Adabiyotshunoslikda "romaniy tafakkur" degan termin bor. Biron bir xalq adabiyotining mavqeini ham uning nasri belgilaydi. Bizda she‘riyat azal-azaldan yaxshi bo‘lgan. Nazmda kuchli she‘rlar yozayotgan yoshlarimiz ko‘p. Nasrda ham ijod qilinyapti-yu, ikkisini solishtirsak tarozining og‘ir pallasida she‘riyat qoladi. Tan olish kerakki, o‘zbek adabiyotida, aslida besh yuzdan ko‘pi yozib tashlangan bo‘lsa ham, pichoqqa ilinadigan romanlar soni kam. Kecha va Kunduz" mana shunday kam sonli, kuchli asarlarimizdan biri.
p/s menimcha ayni holat yaxshi. Kechaning kunduzini tasavvur qilolmadim.
@quyoshtaraflarda