View in Telegram
Chingiz Aytmatovdan o‘qimaganimga ancha yil bo‘lgan ekan. Rostini aytsam "Sarviqomat dilbarim"ni xushlamaygina boshladim. Chunki maktab vaqti maza qilib o‘qigan kitoblarimda ilk taassurorim qolgan. Ehtiyoj sezmasam qayta o‘qimayman. Agar hozir yoqmasa yoki xulosalarim o‘zgargan bo‘lsa, go‘zal xotiralarim buzilishi mumkin. Ba‘zan eski narsa eskiligicha qolgani yaxshi emasmi? Axir, qayta o‘qilganda ham birdek yoqadigan asarlar judayam kam-ku. Shunday qilib qissani boshladim. Yaxshi ham yomon emasdi. Tez o‘qidim. Kitob yakunlangan sari undagi fojiaviylik va iztirob ham ortib borardi. So‘ngi sahifaga kelgach esa Aytmatov mahorati va yozishiga yana bir bor qoyil qoldim. Nega deysizmi? Chunki hech kimga ta‘na qilmagan, hech kimdan hech narsa kutmagan, oddiy shu bilan birga buyuk hayotni yashaydigan odamlar juda kam bo‘ladi. Aytmatov qahramonlarining esa hammasi shunday hayotga ega. Ularning barchasi sevadi. Faqat oila qurishim, nasil qoldirishim kerak, deb tumush boshlamaydi. Oddiy ishchi bo‘lsa ham, rassom bo‘lsa ham sevgini teran his qiladi, u uchun kurasha biladi. Ular shunaqa samimiy odamlar-ki, yuz bergan barcha hodisalarni o‘zlaridan yoki taqdirdan deb bilishadi. Nolish, hayqirish, isyon umuman begona. Yozuvchi esa bironta kishi hayotiga aralashmaydi. Voqelikni ham, qahramonlar xarakterini ham boricha tasvirlaydi. Kichik qissani o‘qib borar ekansiz, inson degan judayam murakkab yaratiqni tushunish juda qiyinligini, uni yomonlash ham, maqtash ham osonmasligini yanada teran anglaysiz. Zero haqiqiy asar ham shunday bo‘ladi. U kimnidir yaxshi yoki yomon deyish uchun yozilmaydi. Mutolaa jarayonida Asal bilan birga yig‘laysiz, Ilyos bilan dovon oshasiz, Bektemirga yordamlashasiz. Oxirida ularning barchasi baxtli bo‘lishga haqli ekanligiga borlig‘ingiz bilan ishonasiz. Men so‘ngi kunlarda ancha maishiylashgandek edim. Odam katta bo‘lgan sari tashvishlari ko‘payib borarkan. Bu hayot bilan bog'liqmi yoki ichki dunyoyim. Aniq bir narsa deyolmayman-u, ammo bu kitob qalbimni eski qalbimni xotirlatgandek bo‘ldi. Aslida, boy berilgan narsani qaytarib bo‘lmaydikuya... Menda endi hammasi butunlay o‘zgarib ketgan. Lekin ayrim kinolar, ayrim kitoblar ko‘p narsani yodga tushuradi. Ba‘zan adabiyotdan uzoqlashish o‘zim uchun foydali bo‘lishini yaxshiroq anglayman. Ammo, mutolaa qilib tursam, qalbim butunlay o‘lib qolmasliga umid qilaman. Nimadir meni kitoblardan uzib yubormaydi. @quyoshtaraflarda
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily