"Shaxsiy xona" taqdimotidan keyingi kunlar bo‘lsa kerak: xonadoshlarim ham shu kitobni o‘qib yurishgandi. Gapdan-gap chiqib har xil mavzular haqida gaplashib qoldik. Suhbat anchaga cho‘zildi. Jamiyatimizda ayollarning tutgan o'rni haqida bahslasha turib, bir holat juda qiziq tuyuldi: bizda ayollarning ayollarga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovi juda kam. Ayollar ham, qizlar ham bir-birini unchalik yoqtirmaydi. Ishonmasangiz ikkita yaqin dugona bilan alohida-alohida gaplashib ko‘ring. Ularning bir-biriga bo‘lgan adovatini payqab olish qiyinmasligiga guvoh bo‘lasiz.
Maktabda shunaqa qizlar ko'p bo‘lardi: ancha payt do‘stlashib yudishardi-da, bitta janjal sabab ajralishib ketishardi. Shunchaki emas, bir-biri haqidagi hamma gapni sotib bo‘lib ajralishardi. So‘ngra hammaga barcha tavsilotlarni yoyibgina qaytib yarashish bo‘lardi. O‘zim qiz bola bo‘lsam ham qizlarning ko‘p xarakteriga hayron qolib kelaman. Bitta janjal barini barbod qilsa dugonalik va og‘iz-burun o‘pishib yurish nimaga kerak? Qo'yinglar tomoshani degim keladi. Rost, bir-biriga shirin gapirib, jonini olib yuradiganlar qancha.
Chin ko‘ngildan va samimiy munosabatlar bitta sevgida emas (munosabat deyilganda shu narsa xayolga keladi-ku) do'stlik, oshna-og‘aynichilik, dugonachilikda ham muhim o‘rin tutadi. Bilasiz, ko‘p ayol-qizlarda gap turishi qiyin, yigitlarda esa teskarisi: ular bir-birining sirini umuman sotmaydi, yoqtirmagan kishisi bilan gaplashmaydi. (Hamma narsada istisnolar borligini unutmang) Biz esa "vay asalim qalaysan?" deganimiz bilan ichimizda, "ihm-ihm", umuman boshqa gaplar bo‘ladi. Shunga bo‘lsa kerak o‘smirligimdan boshlab bollar bilan yaxshi kelishganman, do‘st bo‘lganman. Faqat bu yilga kelib yana ayol-qizlar bilan inoqligim oshdi.
Xullas bular bilan nima demoqchiman: Agar ayol ijodkorlar ko‘p bo‘lishini, ular erkin, o‘z puli va shaxsiy xonasiga xo'jayinlik qilishini, yangidan-yangi ijodiy cho‘qqilarni zabt etishini xohlasak eng avvalo bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni o'rganishimiz kerak. Ayollar ayollarga haqiqiy do‘st, tirgak bo‘lsa hamma narsa o‘zgarishni boshlaydi.
Keyin, faqat ayollar emas, hozir gapirmoqchi bo‘lganlarim hammaga tegishli. Baxtimizni boshqalarga emas faqat o‘zimizga bog‘lashimiz kerak. Tashqi muhit, sharoit, odamlar, narsalar, joylarga bog'langan inson hech qachon to‘la erkin bo‘la olmaydi. Erkinlik yo‘q joyda esa kishi o‘z potentsialini to‘liq namoyon qila olmaydi. Potensial to'liq yuzaga chiqmasa yangi kashfiyotlar va ijod haqida gapirish qiyin. O‘zi, nega odam boshqalarga bog'lanishi kerak? Kayfiyat, imkoniyat, baxt, ishonch bular boshqalarga berib qo'yiladigan darajada ahamiyatsiz narsalar emasku? Erkinlik hamma narsada: hatto boshqalarning bizga ko'rsatadigan ta‘siri ustida ham bo‘lishi kerak emasmi?
Men o‘z fikrlarimni bayon etyapman. Bular xususida boshqalar ham o‘ylab ko‘rsa anchagina durust bo‘larmidi.
@quyoshtaraflarda