O'qimagan, uqmagan odamlarning baxtli bo'lishiga qanday qo'yib berilarkin? Johil inson har zamon, har yerda yo o‘z vahimalariga, soxta fikrlariga, yoxud boshqalarning xasis hirslariga va manfaatlariga qurbon bo‘ladi... shunday,
asrlardan beri davom etib kelayotgan falokatlarga yakun bermoq uchun insonlarga haqiqatni o‘rgatmoqdan boshqa yaxshi chora va vosita topilmas.
Reşat Nuri Guntekin "Yeşil Gece"
Ta'limning qay darajada inson hayotida muhim o‘rin tutishi haqida yuqoridagi taqrizimda yozgandim. Inson dindor, iymonli bo‘lishi mumkin, lekin ilmsizlik johillikka olib keladi. Johillik va jaholat esa butun bir millatni yo‘q qilib yuborish qudratiga ega. O‘tgan asrning boshlarida jadidlar tomonidan xalqni qutqarish uchun ko‘plab yangi maktablar ochilgandi. Lekin mutassib, dindor bo‘lgan o‘zimiznikilar bu maktablardagi o'qitishga yaxshi ko‘z bilan qarashmagan. Maktab va ta‘limdan uzoq besavod kishilar anchani tashkil qilgan.
Bu kitobda ham shu xususida: butun hayotini maktabga, bolalarni o'qitishga tikkan muallim haqida gap boradi. Turkiyada o‘qituvchi bo‘lish bir muncha murakkab jarayon. "Choliqushi"ni o‘qiganlar yoki eski serialini ko‘rganlar bilishadi. O‘qituvchilar Istanbulda dars berishdan oldin eski qishloqlarga borishi kerak. Shahin afandi esa chekiga shahar maktabi tushgan paytda o‘z ixtiyori bilan Sariovadagi eski maktabga borishni xohlaydi. Yoshlarga yangicha ta'lim berishni ularni yangiliklardan, dunyodan boxabar qilishni istaydi. Butun najotni ilmdan deb bilgan holda barchasidan kechib, hayotini shu ishga tikadi.
Dunyoda fidokorlikka arziydigan narsa bormikan deb ko‘p o‘ylayman. Muallim o‘zida borini maktabga tikkan holda, yakunda hech narsasiz qoladi. Yunonlar bosqini vaqtidagi harakatlari sabab surgun bo‘lib ketgach keyingi avlod vakillari u haqda umuman xabarsiz qolib, nomini ham yaxshi sifatlar bilan tilga olishmaydi.
Hayron qolarlisi, o‘zidagi ishonch e‘tiqod darajasiga chiqqan Shahin afandi esa umidini so‘ngigacha saqlab qoladi.
Kitobda madrasa hayoti, tor hujralardagi talabalar, softalar, bizni tilda aytganda mullalarning ayanchli qilmishlari fosh qilingan. Ozgina yumor aralash kelgan bu tasvirlarda kishining kulgisi ham, yig‘lagisi ham keladi. Umuman, kitobdagi hech narsa bizga begona yoki notanish emas. O'zimizdagi ahvolni ko‘rgandek bo‘ldim.
Mutolaa jarayonida eski turk yozuviga qiynaldim. Asar tili biroz murakkab, forscha va arabcha kalimalar talaygina. Yigirma sahifalardan keyingina o‘qish va tushunish osonlashdi. E‘tibor qilsam hozirgi turkchadan ko‘ra osonroq ekan. Boshqalarga ham o‘qishni tavsiya qilgan bo‘lardim. "Yashil kecha" o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Ko'pgina kitob do‘konlaridan bemalol topa olasiz.
@quyoshtaraflarda