"Javohir" Jon Steynbek
Niyat bu boqiy narsa. Nima narsani niyat qilsang o‘sha daqiqadan boshlab u sening vujudingda yashay boshlaydi. Tug‘ilgan va hatto endi ko‘rish mumkin bo‘lgan niyat o‘zga mavjud narsalar singari voqelik kasb etadi. Niyat yashar ekan uni vayron qilib bo‘lmaydi, faqat unga osongina tajovuz qilish mumkin.
Hamma har xil sharoitda, har xil vaqtda, zamonda, dinda, millatda dunyoga keladi. Qay payt tug‘ilishidan qat‘iy nazar taqdirini va oilasini o‘zi tanlay olmaydi. U doim atrofidagi sharoitga ko‘ra yashaydi, rivojlanadi. Irodaliroq bo‘lsa, uni o‘zgartirishga, yaxshilashga urinishi mumkin. Ba‘zi kishilar bunga erishadi ham.
Asar qahramonlari esa mustamlaka hududda, og‘ir sharoitda yashovchi javohir izlovchi kishilar edi. Kutilmaganda taqdir ularning oldidan qimmatbaho Javohir (marjon desak to‘g‘riroq bo‘lsa kerak) chiqaradi. Bosh qahramon Kino bu o‘zlari va farzandi uchun katta imkoniyat ekanligiga qattiq ishonib, metin matonat bilan oxirigacha kurashadi.
Eslasangiz "Martin Iden"da shunaqa holat bor: Martin o‘zini suvga tashlagach, harakatlanishdan to‘xtaydi, tanasining bemalol cho‘kib ketishiga qo‘yib beradi. Lekin vaqt o‘tib o‘pkaga suv to‘la boshlagach, yashashga bo‘lgan tabiiy instinkt uni yuzaga qaytib suzishga undaydi. Xuddi shu holat hammada bilan sodir bo‘ladi. Masalan yashagingiz kelmagan payt qo‘rqinchli atraksionga chiqib ko‘ring. Shunda hayotdan qancha kutuvlaringiz borligiga, u qanchalik shirin ekanligiga ishonch hosil qilasiz. (Xuddi men kabi. O‘lim bilan yuzma-yuz kelgan paytingiz bema‘ni fikrlaringizning hammasi yo‘qqa chiqib, faqat tirik qolish uchun kurashasiz)
Kino va Xuanini Javohir sabab o'ldirishga harakat qilishadi. Ular ta'qiblar natijasida shunaqa ahvolga kelishadi-ki, endi hech narsa to'xtatib qololmaydigan hayvonlardek harakatga o‘tishadi. Ta‘qibchilardan qochib, o‘lim bilan baravar yurishadi.
Asarda qadimiy qadriyatlar, oilaga sadoqat, vafo kabi tushunchalar ham yaxshi ochilgan. Qahramonlar qulog‘ig‘a quyilib turadigan musiqa, qadim ohanglar asarga o‘zgachalik baxsh etgan.
Voqealar shiddat bilan rivojlanadi va kutilmagan tarzda yakun topadi.
Steynbek ijodi bilan tanish shu kitob bilan boshlandi. Mutolaa mazam yo‘q va kayfiyatsiz paytimga to‘g‘ri kelganligi uchun maza qilolmadim va qachondir hafsala bo‘lganda qayta o‘qirman dedim. Hozir o‘ylab qarasam bunga ehtiyoj tuymas ekanman. Yanayam kim bilsin.
Umumiy xulosam esa: asar haqida qancha gapirmay unga nimadir yetishmaydi. Faqat syujet uchun o‘qiladigan, qandaydir sarguzash kabi taassurot qoldirdi. Bir tanishim bekor bu kitobdan boshlaganimni, muallif uslubi umuman sezilmasligini aytgandi. Xatoni to‘g‘irlab qo‘yish kerak deb hisoblayman. Sizlarga Steynbekdan boshqa bironta kitob o'qishni maslahat bergan bo‘lardim.
@quyoshtaraflarda