View in Telegram
​​"Latte omili" Devid Bax Insonning hayotini odatda juda oddiy g‘oyalar o'zgartiradi, murakkablari emas. Shaxsiy rivojlanish, marketing, moliya, tadbirkorlik haqidagi kitoblardan juda uzoq yuraman. Rostini aytsam, tashqi ta'sirlarga unchalik ishonmayman ham. Odamni ichdan undovchi, harakatga keltiruvchi kuch bo‘lmasa, qolganlari yaramaydi. Lekin "Latte omili"ni olib, bir varaqlab ko‘raychi degandim, o‘sha kuniyoq tugab qoldi. Yengilgina, o‘qiladi. Murakkab ham emas, sodda tilda, hikoya orqali tushuntirib berilgan. Pulga to‘g‘ri qarash, u bilan yaxshi muomala qilishni hamma ham bilmaydi. Shaxsiy biznesimiz bo‘lmasa oylikdan-oylikka sudralib yashaymiz. Tasodifiy vaziyatlar uchun jamg'arib qo‘ygan pulimiz ham yo‘q bo‘ladi. Tasavvur qiling, ish kunlarining birida, sohil bo‘ylab sayr qilgingiz kelib qoldi. Yoki shunchaki charchadingiz va biron dam olish maskaniga bormoqchisiz. Bular ham bo‘lmasa, bosh qahramon kabi ko‘rgazmada chiroyli suratga ishqingiz ketyapti. U xonangiz devoriga biram yarashib tushgan bo‘lardi. Lekin o‘sha lag‘za istaklaringizni amalga oshirish uchun qurbingiz yetmasa, yillab ishlab, bular uchun pul to'plab qo‘ymagan bo‘lsangiz o‘zingiz uchun emas, boshqalar uchun mehnat qilgan bo‘lib chiqasiz. Yana boshqacha vaziyatni ko‘ramiz: kimdirlar yaxshi oylikda ishlashi, qattiq mehnat qilishi mumkin, ammo uni sarflashni, muhim narsalar uchun yo‘naltirishni bilmaydi. Bunda qancha topsangiz ham natija nol bilan barobar bo'laveradi. Sug‘ur kunidek kun ko‘rasiz, ammo hayot kechirmaysiz. Kitob nomi nega bunaqa nomlangani sizni ham qiziqtirgandir. Moliyaviy mustaqillik va latte orasida qanday bog'liqlik bor deb o‘ylayapsizmi? "Lette omili" bu hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz bekorchi, yoki ahamiyatsiz hisoblangan narsalarga ham sarflayotgan pullarimiz. Har kun ichadigan ichimliklarimiz, yoki tushligimiz, kiyilmaydigan kiyim, ishlatilmaydigan narsalar. (Masalan noutbukimdan juda kam foydalanaman, lekin olib qo‘yganman) Va hokazo bo‘lgan ko‘plari. Ammo, kitob sizga darveshona hayot taklif etmaydi. Shunchaki, ozgina e‘tibor, muhim narsalarni aniqlab olish, kelajak uchun pul jamg‘arishni o‘rgatadi. O‘qib qo'yishni maslahat beraman. Menga o‘xshab hisob-kitobni tushunmaydiganlar uchun juda foydali. Yaxshisi, to'qson sakkizta motivatsion kitob o‘qib chiqmasdan, bitta yaxshisini tanlang va undan o'rganing. So‘ngra hayotingizga tadbiq etishni boshlang. Hamma ham ko‘p narsani biladi, lekin kamchilik bilganlariga amal qiladi. @quyoshtaraflarda
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily