"Eljernonga atalgan gullar" Deniel Kiz
Masalan biz "Tilla baliq"ni bilamiz. Ammo uning o‘zi ko‘lmakda yashayotganidan xabari yo‘q. Yoki Afrikada yashaydigan kishi sovuq nimaligini bilmaydi. Yosh bola ham qo‘lini kuydurmagunicha issiq suvga ham, dazmolga ham o‘zini uraveradi. Og‘iz kuyish haqidagi maqol ham bekorga kelib chiqmagan. Odatda hayotda ko‘p narsani ko‘rgan, juda aqlli odamlar yoki hech nimani bilmagan ahmoqlargina baxtli yashashi mumkin. Ammo siz bilish nuqtasiga bir qadam tashladingizmi, tamom. Orqaga qaytolmaysiz. Yoki oldinga yurib, muvozanatni saqlash kerak bo‘ladi yoki qazigan choxingizga qulab halok bo‘lishga mahkumsiz.
Ba‘zida umuman kitob o‘qimasam, pushti ko‘zoynak taqib yursam hammasi yaxshi bo‘larmidi deb o‘ylayman. Masalan, Charli aqli zaif tug‘ulgan, ammo kamchiligi borligini, boshqalardek aqlli emasligini o‘zi ham biladigan, bariga qaramasdan atrofida do‘stlari bor, baxtli kishi edi. Lekin, bir guruh aqllilar uning rivojlanish darajasini oshirmoqchi, boshqalardek "odam" qlishmoqchi bo‘lishadi, tajriba muvaffaqiyatli chiqib hammasini uddalashadi ham. Ammo, juda tez rivojlangan miya, yuqori aqliy salohiyat, hech narsa bermaydi. U baribir hissiyot jihatdan hamma qatori bo'lolmaydi, bolalaigicha qolib ketadi. Qolaversa, do‘stlarim deb o‘ylagan kishilarining haqiqiy yuzini ko‘rgach, bu dunyodan nafratlana boshlaydi.
–
Bilishimcha idrokning o‘zi hech narsaga yaroqisiz. Universitetimiz, aql, ta‘lim, bilim bilan ulug'lanadi. Lekin men siz bilmagan narsani bilaman: Insoniy tuyg‘ularsiz bilim bir tiyinga qimmat. .... zehn - insoniyatga ato qilingan eng bebaho ne‘mat. Lekin, ko‘pincha, muhabbat izlash o‘rniga bilim izlash bilan bandmizm. Va, menimcha sevish va sevilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan aql-idrok sohibi aqliy va ma'naviy tanazzulga mahkum qilingan, ehtimol, og‘ir psixologik kasalliklarga ham chalingandir. Bundan tashqari, yakkalanib qolgan aql atrofdagilarga dard va zulumdan ortig‘ini berolmaydi. Ongim past bo‘lganda do‘stlarim ko‘p edi. Hozir esa do‘stlarim yo‘q. O, mening rosa tanishlarim bor, ammo ularning ichida hech biri menga qadrli emas va men ham ularni ortiq qiziqtirmayman.
Bu jumlani ancha-muncha narsani ochib beruvchi nuqta desa ham bo‘ladi. Hamma narsa ma'lum bir chegaraga kelgach, pastga qaytib tushadi. Charlining aqli misli kutilmagan darajaga yetib, tajribada bir kamchilik borligini payqab qoladi. Avvalgi sinov, Eljernon deb nomlangan sichqonda amalga oshirilgan edi. Sichqoncha o‘lib qolgach u juda kam vaqti qolganligini anglaydi. Zo‘r berib, ilmiy narsalar bilan shug'ullanadi, boshqalarga ham yordam berishga intiladi.
Kitob so‘ngida nima bo‘lishini aytaymi? Yo‘q, aytmayman. Uni o‘qish o‘zingizga qolsin, ammo asarda tilga olingan mavzular juda ko‘p. Dunyoni yaxshi tarafga o'zgartirish, ilm-fan bilan shug'ullanish kerak. Ammo, shu sabab laboratoriyalarda o‘lib ketayotgan qanchadan-qancha jonivorlar, tirik mavjudodlar, kesilgan daraxt-u, yo‘q bo‘lib ketgan o‘rmonlar. Ularning javob-u, so‘roqlari nima bo‘larkina? Isajon Sultonning "Boqiy darbadar" ida sun'iy yaratilgan inson ham, yetarlicha aql-zakovatga ega bo‘la turib boshqalardek yasholmaydi. U ham qayerdan kelganini, yaratuvchisi kim ekanligini bilishni istaydi. Va bu hayotda qanday tug‘ulgan bo‘lmasin, aqli zaifmi, aqllimi, nogironmi, (aslida bari nisbiy) barchani bir ko'zda ko‘rishni o‘rganmagunimizcha hech narsa o‘zgarmaydi deb bilaman.
@quyoshtaraflarda