Hammasi o‘tadi, barcha qiyinchiliklar va azoblar, xo‘rlanish va haqoratlar, sog‘inchlar va tuganmas bo‘lib ko‘ringan azoblar...
Lekin... lekin ular o‘zi bilan sizdan nimangiznidir, balki bir bo‘lagingizni ham olib ketadi. Har uchragan insonga nuqsingiz yuqaveradi va asta kamaya borasiz. Borib-borib ulardan olganlaringizni qo‘shsa begonaga, boshqa insonga aylanib qolgan bo‘lasiz.
Faqat birgina, birgina yurak o‘zgarmasligi mumkin. Men ko‘zlarga ishonolmayman.
Nodar Dumbadze "Abadiyat qonuni"da yozganidek:
"
Insonning yuragi uning tanasidan yuz baravar og'irroq... Shu darajada og'irki, uni bir kishi ko'tarolmaydi... Binobarin, biz odamlar, toki tirik ekanmiz, bir - birimizga yordam berishimiz, bir - birimizning yuragimizga madad bo'lishga harakat qilishimiz kerak".
Yurak inson tanasidagi eng muhim a‘zo, barchasi, tananing issiqligi, qon aylanishi unga bog‘liq. Hislar ham, hayajon ham yurakda bilinadi. Hozir biroz bo‘lsa-da anglatishga harakat qilaman: do‘xtirga bordingiz, rosa qo‘rqayapsiz. O‘sha vaziyatda tanada yengil titroq va yurakning boshqacha po‘rtanalari sodir bo'ladi. Yoki muhim tadbiringiz bor, siz nutq so‘zlashingiz kerak. Shunda ham yurak bezovta va biroz hadik bilan uradi. Tun – bexos uyg‘onib ketdingiz, yolg‘izlik yoki sabab-besabab yurakda bezovtalik tuyasiz. Kun – shovqin auditoriya va odamlar orasidan tashqariga chiqasiz va yashillikka qarayman deb ko‘zlaringiz bir nuqtaga termulib qoladi - og‘riq. U tanaga tarqalmagunicha azobini yurak chekajak.
Kitob qahramonidek balki hamma bir marta o‘lim bilan yuzlashishgani yaxshidir. Umrini sarhisob qilishi, yaqinlarini va hayotining qadrini bilish uchun ham.
Asarni yuksak baholay olmadim. "Cho‘l bo‘risi" dan aynan va qisman olingan joylari bor. Balki adabiy ilhomlanishdir, ketma-ket o‘qimagan kitobxon buni payqay olmaydi.
Sezyapsiz kanalda taqrizlar kam, tugatilgan kitoblarga ham yozmayapman. Izohlashni va ortiqcha tushuntirishlarni lozim topmadim. Vaqti bilan hammasi yoziladi.
Abadiylik bu xotiralarda mangu yashash deb bilaman. Zero hamma hamma ham yodimizda qolavermaydi.
@quyoshtaraflarda