Inson quvonchni ham, dard-u alamni ham maʼlum chegaragacha koʻtara oladi, oʻsha chegaradan oʻtdimi bas, u soʻzsiz halok boʻladi.
"Yosh Verterning iztiroblari" Gyote
Asar haqida biroz maʼlumot beraman: Gyotegacha nemis tili Yevropa mamlakatlarida hech qanday ahamiyatga ega boʻlmagan. Hatto nemislarning oʻzlari ham bu tilda biron nima yozib boʻlmasligiga ishonishgan. Lekin Gyote 1774-yilda ushbu romanni yozib tugallaydi. Shundan soʻng kitob tez fursatlarda dunyo boʻylab tarqalib ketadi, yuzlab tillarga tarjima qilinadi, va hech bir kitobga nasib qilmagan shon-sharafga ega boʻladi.
Bunga sabab nima edi? Nega yoshlar Verter va Lotta singari kiyim kiyishadi, baxtiga yetmaganlari oʻzlarini halok eta boshlashadi?
Oʻsha davrda adabiyotda yangi uslub izlagan, yangi adabiy rang xohlagan yosh yozuvchilar paydo boʻla boshlagan. Bularning eng bosh safida esa Gyote turardi. U davrdagi feodal tuzumga qarshi qarashlarini ifoda etish maqsadida oʻz Verterini yaratadi. Syujetga asos bevosita muallifning oʻzi yashagan kunlar, Verter esa uning prototipi desak xato boʻlmas. U barcha qarashlarini, dardlarini, tuygʻularni kitobga jam qiladi, oʻz yurak qoni bilan uni oziqlantiradi. Natijada siz koʻrib turgan asar dunyoga keladi.
Sentemental romanni oʻqib boshlashingiz bilan hassoh va shoirona qalbga guvoh boʻlasiz. Qahramon shu qadar samimiy yozadiki, u bilan yashishingiz, sevishingiz, tabiatni his qilishingiz, raqs tushishingiz, Gomerni oʻqishingiz, koʻz yosh toʻkishingiz, oxirida oʻlishingiz mumkin.
Verter tom maʼnoda qalbi va tuygʻulariga qul inson edi. Boshqa shaharga koʻchib kelish, yangi insonlar bilan tanishish unga yangi hayot, olam-olam quvonch baxshida qiladi. Kichkina uychaga, tomorqaga ega boʻlish, tabiat bilan hamohang yashash, sevimli ishlarini qilishi doʻstiga yozgan maktubida aks etib boradi. Shunday baxtli kunlarining birida unga yana bir baxt, chinakam muhabbat uchraydi. Lekin hamma kabi yasholmas Inson hamma kabi sevolmaganidek, u ham Lottaga oddiy munosabatda boʻlolmaydi. Ammo undagi oliyjanoblik oʻz mahbubasining hayotini buzishga ham qodir emas.
U hayotda qolishi, davom etishi uchun yoki sevgisini yuragidan chiqarishi, yoki ketishi, yoki boshqasi bilan koʻr-koʻrona davom etishi lozim. Ammo Verter bularning bittasini ham xohlamaydi. Atrofidagi insonlar esa uni tushunishga, biroz anglashga ham qodir emas. Hatto Lotta his qila olgani bilan, oilasidan kechmasdi, kecholmasdi ham.
Oxirida oʻz iztiroblarini yenga olmagan, ularga davo topolmagan Verter oʻzini o‘zi halok etadi.
Asar tili nihoyatda chiroyli, liriklik, dostonlardagi kabi proza ruhi sezilib turadi. Oʻqilishi ham yengil, hajm jihatdan ham katta emas. Deyarli har bir varaqda falsafiy fikrlar, chiroyli iboralar ketma-ket keladi. Sizni oʻziga bemalol maftun etishi mumkin.
Kitob mashhurligi haqida yuqorida aytib oʻtdim. Lekin shunga qaramay yozilgan paytidayoq unga nisbatan qarshi fikrlar talay boʻlgan. Koʻpgini joylarda chop etilishi taʼqiqlangan, baʼzi kishilar tirik Gyoteni koʻrib hushidan ham ketib qolgan. Chunki Verterni yozgan inson hali ham hayot ekanligiga ishonishmasdida.
Men esa soʻzlarim yakunida shuni aytaman: Haqiqiy insonlar, chinakam qalb sohiblari bu dunyoda, jamiyatda uzoq yashay olmaydi. Yo oʻladi, yoki qalbi oʻladi.
"O, mahbubam. Yana bir zum oʻtgach esa... tugaydi, ado boʻladi... ehtimol abadiydir? Yoʻq, Lotta, yoʻq.. Men qanday qilib yoʻq boʻlib ketay? Qanday qilib sen yoʻq boʻlib ketasan?! Biz axir mavjudmiz-ku! Yoʻq boʻlish!.. Bu nima degani?.."
@quyoshtaraflarda