Inson oʻz taqdiri, qismati oldida yolgʻiz
Frans Kafka - Jarayon
Kitob haqida biron maqola yo taqriz qidirmoqchi yoki ustozlardan soʻrab olmoqchi boʻldim. Lekin oʻz tahlilimni birinchi bayon etsam tuzuk. Masalan jahon adabiyoti oʻqigan paytimiz ilmiy adabiyotlar bilan ham koʻp tanishganmiz. Albatta badiiy tahlil borasida koʻp narsalarni oʻsha payt oʻrganganman. Yaqinda yozilajak narsalarim sabab endi yana ilmiylikka shoʻngʻimoqchiman. Lekin bu kanal, bookblog va sizlarga koʻproq oʻz fikrimni, ijodimni berishga intilaman.
"Jarayon" ogʻir kitobligi rost, tasodif sabab, tasodiflar tasodifan boʻlavermaydi deyishadiku, maktabning nechanchidir sinfida, oʻn besh yoshlarimda oʻqiganman. Va bu adashmasam jahon adabiyoti, umuman kitobxonlikka qoʻygan ilk qadamlarimdan biri edi. Hech narsani tushunmaganligim turgan gap, lekin kitob nomi, voqealari kuchli taassurot qoldirgan. "Jarayon" degan soʻz va menda qolgan savollar necha yillar davomida saqlanib turibdi.
Yozef K chindan aybdormidi? Nima uchun qamaldi? Nega unga hech nima demasdan xibisga olishdi? Oʻzi aybdorlik va gunohkorlik nima?
Umuman insoniyatni gunohkor qilishlarining boisi nima? - Axir biz - men ham, boshqalar ham hammamiz ham odammiz-ku. Hali-hanuz bu savollarga javob topolmay kelaman. Biror javob topgan insonni ham shu paytgacha uchratmadim, yozib ketilgan boʻlsa, oʻqimadim.
Kitobda jamiyat, undagi boshqaruv tizimi, sud jarayoni qattiq tanqidga olinadi. Faqat bular emas, insonlarning shu paytga qadar yaratgan, amal qilib kelayotgan qoidalari, burchlari, qarashlari hammasiga shubha bilan qaraladi. Davlat idoralari bilan oddiy fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlar, sudgacha boʻlgan jarayon, hibsga olish, bari katta soʻroqlarga tashlanadi. Oʻqigan har bir kishida yuqoridagi savollar paydo boʻladi, oʻzicha mushohada qilishga urinadi. Juda koʻpchilik kitobxonlar esa kitobni oxirigacha oʻqiy olmas ekan.
Men esa mutolaa paytida, yozuvchi har bir insonning yashash jarayonini va Sud - Qiyomatni oʻylab, balki ishonib-ishonmay kutishini ifodalagan deb oʻyladim. Inson, avvalo u qaysi din, eʼtiqod vakili boʻlmasin, necha yoshda, jinsda boʻlmasin har doim oʻlimdan keyingi hayot, gunohkorligi, qiyomat haqida oʻylaydi. Koʻp hollarda bu oshkor qilinmasa-da, ichimizda haqiqatdan toʻgʻri yashayotganimizga shubha, qilayotgan ishlarimiz joiz yoki bunday emasligi haqida qaygʻurish, va umumlashtirganda barcha qarashlarimizga nisbatan shubha doimo mavjud.
"Jinoyat va Jazoda"da Roskolnikov odamlarni, hammani emas, oʻzi ikkiga ajratib, tanlangan insonlarni jinoyat qilishga haqli, qonunlarni buzishi mumkin deb hisoblaydi. Oʻzini ham ular qatoriga qoʻshadi. Buni misol tariqasida keltiryapman. Ammo bunday hol, xayol, fikr, koʻpchilikda bor deb oʻylayman. Shunchaki biz kasalni yashirishga odatlanganmiz. Lekin isitma barini oshkor qilganidek shunchaki oʻylamaslikga tirishib, hatto fikrlashga ham urunmasakda, ogʻriq bergan qizillik vaqti-vaqti bilan oʻzini koʻrsataveradi. Uning koʻrinishlari turlicha bilishi turgan gap. Tolstoy qahramoni aytganidek, hayot uyqusiga berilib, oʻylamaslikka uringanlar orasiga yashayapmiz.
Bosh qahramonning Mersoga oʻxshash jihatlari ham bor. Xuddi Dostoyevskiy va boshqa adabiy uslublar birlashib yangi narsa hosil qilgandek. Originallik esa adabiyotni Kafkagacha va undan keyingi davrga boʻlib tashlagan.
Kitobdoshlar, "Jarayon", "Evrilish" bir marta boʻlsa ham oʻqib koʻrishingiz, boshga qattiq gapni ham aytib koʻrishingiz kerak boʻlgan asarlardan biri. Tavsiya qilaman.
@quyoshtaraflarda