"Martin Iden" – Jek London
Bu ayanchli maxluqlar hamisha bir-birlariga yer ostidan qarab, hamisha bir-birlariga taqlid qilishga urinadilar, ular o‘zlari go‘daklik chog‘idan asir bo‘lib qolgan bema‘ni qonun-qoidalarini buzmaslik uchun o‘z shaxsiy xislatlarini yo‘q qilib tashlashga, jonli hayotdan voz kechishga tayyordirlar.
Martin - oddiy matros yigit yuqori burjua oilalaridan biriga tasodif tufayli tushib qoladi va hamma narsa ko‘ziga yuksak va san‘atkorona ko‘rinadi. Xuddi ilk bor ko‘rgan surat kabi. Unga qaraganda chiroyli, yaqin borilganda esa bo'yoqlar chaplanmasiga aylanadi. U bor kuchi va iste‘dodi bilan intilgan qatlam ham xuddi shunday edi.
Kitobni muallifning avtobiografik romani deyishadi. Umuman olganda esa, hech qaysi yozuvchi o‘zida yo‘q narsani yoza olmaydi. Qahramonlari uning o‘zi, atrofida duch kelgan insonlari bo‘ladi. Mulohazalari esa tafakkur mahsuli hisoblanadi. Gyote ham Verter orqali his qilgan kechinmalarini tasvirlagan. Kitob tugagach ancha yengillashgannini tan olgan.
Jek Londonning mahorati ancha yuqori, uslubi ham go‘zal. Qahramonlarini shunday chizadiki, hammasi tabiiy chiqadi. Kitobxon ham o‘zi sezmagan holda barcha vaziyatni bemalol qabul qiladi, tasvir tiniqligiga shaydo bo‘lishi turgan gap. Adabiyotshunoslikda bunday uslub "shafqatsiz realizm" deb ataladi. "Hayotga muhabbat"da insonning yashab qolish uchun qanchalik kurasha olishi dahshat va hayrat bilan ko‘rsatilgan.
Yana bir jihat bor. Ko‘pchilik asarlarda muhabbat juda ilohiylashtiriladi (Verterda ham shunaqa) yoki aksincha, maishiylashib ketadi. Lekin bu kitobda muhabbatning tabiiy va ruhiy ehtiyoj ekani birlashgan. Bunda Odamatodan beri bor bo‘lgan hislarning hozirgacha tadrijiy rivojini ham, individualligini ham, kamdan-kam kishilarga nasib etadigan yuksakligini ham, oxirida zavolga olib kelishini ham ko‘ramiz. Rufda qiz bolaning ilk hislari go‘zal tasvirlangan. (Shunday ifoda "Qirolichaning yurishi"dagi Elizabetda bor.) U Martinni sevardi, ammo o‘z o‘lchovi bilan. Va bu sevgi o‘z muhiti qarichlarini parchalay oladigan darajada kuchli emasdi.
Martinda esa muhabbatidan boshqa hech narsa yo‘q edi. O‘zidagi jamiki intilishlar, harakat, mehnat bari unga yetish uchun. Muhabbat shunday kuchki, u sizni samodan besh metr balandga ko‘tarishi, keyin qaytarib yerga tushirib qo‘yishi mumkin. Martin Ruf tufayli o‘z darajasidan ancha yuqoriga, o‘zi xohlaganidan ham yuksaklikka chiqdi, keyin har ikki tomonning ham soxtaligini anglagach o‘zini ham boy berib qo‘ydi. U erishgan muvaffaqiyatning ham, boylikning ham hech qanday qiymati qolmadi. Yashashda davom etish uchun insonga hech bo‘lmasa ilinj kerak. "
U yangi jannatni topa olmadi, eskisidan esa tamoman ajralgan edi."
Kitoblar shunaqa. Biz bilan atrofdagilar o‘rtasida jarlik yarata oladi. Ammo sizlarga Brissenden kabi hayot ustidan ham, o‘lim ustidan ham kulishni, muhabbatingiznig boricha sevishingizni tilab qolaman.
@quyoshtaraflarda