#finished
Detektiv asarlarning aksarida badiiylik elementlari juda kam koʻrinadi. Asosiy fokus voqealarda, ularning tasodifiy burilish nuqtalarida boʻladi. Badiiy bezagi kamdek tuyilgani uchun ham detektiv janrdagi asarlarni juda oz oʻqiyman. Ammo…
Jeymez Cheyzning
“Yarim million dollarlik qilmish” romani umuman boshqa olam deya olaman. Badiiylik, insonning ichki his-tuygʻulari bilan voqealar rivoji shunday qorishib ketganki, odam boshqacha maza qiladi.
Orangizda kimdir AQSHning “Panjara ortida” serialini koʻrgan boʻlsa, nima demoqchi ekanimni oson tasavvur qiladi. Bu kitob ayni shu serialdagi kabi oʻzingizni voqea ichidagidek, bosh qahramonning xavfli vaziyati sizning yelkangizda turgandek hayajon va doimiy qoʻrquvda ushlab turadi.
Detektiv janr talabidagi keskin burilishlar, voqealarning har varaqda yetilib, muammoning kattarib borishlari sizni kitobga qattiq bogʻlab qoʻyadi.
Garrining ahvoli ne kechadi? Bu vaziyatning yechimi nima? Men boʻlsam nima qilardim, kabi savollar kitobni imkon topib qoʻlga olishga majbur qilaveradi. Har safar uning qiyin vaziyatiga bir yechim bergingiz, uni mushkulotlardan qutqargingiz keladi.
Menimcha, yozuvchining yutugʻi ham aslida shu boʻlsa kerak. Ya’ni u oʻz oʻquvchilari va asar qahramonlari oʻrtasida hamdardlik aloqalarini oʻrnata olishi kerak. Biz nega biror asarni nihoyatda sevamiz?
Chunki oʻsha asardagi qahramonlar(yoki hayot tarzi) bizga nihoyatda qadrdon boʻlib qoladi. Bu qadrdonlik rishtasi esa yozuvchining mahorati bilan oʻrnatiladi. Ayni shu me’morchilikni Jeymez Cheyz mohirlik bilan uddalagan deya olaman.
Detektiv janr ishqibozlari shundoq ham bu asarni sevib oʻqishlariga ishonaman. Detektivni xushlamaydiganlar ham
“Yarim million dollarlik qilmish”ni maza qilib oʻqishlari aniq. Oʻqib koʻring…
🕊Telegram 📱Instagram