Qozog‘istonda o‘z xotinini bir necha soat qiynoqqa solib o‘ldirgan Iqtisod vaziri Bishimbayevning shundoq ham dahshatli sud ishidan uning qanchalar kaltafahmligiga oid tafsilotlar ham chiqyapti. Telefonidan aniqlanishicha, xotini o‘layotganida u olti marta folbinga telefon qilgan. O‘lasi qilib qiynagach, folbinga "nega turmayapti, kechasi turadi deganding, pulsini topolmayapman" deb sim qoqqan. "Yurak urishini topa olmaganim uchun nima bo‘layotganini so‘ramoqchi edim" deydi. Demak, qiynoqni ham folbin resept qilib yozib bergandir. Bu vazir janoblari so‘ng xotini ertaklardagidek yana ko‘zini ochishiga ishongan, shekilli.
Bunday xurofot va bid’atga odatda o‘qimagan, saviyasiz, dunyo ko‘rmagan odamlar ishonadi deb o‘ylaysan kishi. Lekin, bu kishi Qozog‘istondagi ikkita universitetdan tashqari, Amerikada Jorj Vashington universitetini ham tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi. Balki iqtisodiy qarorlarni ham folbin bilan kelishib olgandir.
Yaqinda O‘zbekistondagi voyaga yetmagan qizlar internatida bo‘lgan abgor holatni o‘rganayotib, o‘qituvchilarning bir hikoyasi esimda qoldi. Internatdan qizlar har-har zamonda qochib turishgan. Direktor opa milisiyani jalb etish o‘rniga, o‘z sevimli folbiniga murojaat qilgan. Buning ortidan u so‘ng o‘qituvchilarni o‘sha manzillarga yo‘llagan. Oxirgisida folbin qochoq qizlar Ippodromda ekanini aytgach, bechora ayol muallimalar kun bo‘yi Ippodromni aylanishgan. U-bu narsa sotib oldinglarmi hech bo‘lmasa, desam, "yo‘o‘o‘, oyligimiz kam" deyishdi.
©️Ibrat Safo
@pozitsiya