Mana shu xabar va videoni o'qib hech nimaga tushunmadim, tushunganlar bo'lsa tushuntirib yuborsin
Voqeaga ko'ra Namanganda 17 yoshli 11-sinf oʻquvchisi togʻasining nomida boʻlgan mashinani boshqarib ketayotgan boʻlgan. Shu paytda belgilangan tezlikni oshirib, yoʻlning qarama-qarshi qismiga oʻtib ketgan. Videodagi tasvirlarga qaralsa mashinada bir nechta yigitchalar bo'lgan, hoynahoy sinfdoshlari bo'lsa kerak.
Haydovchi yoʻl chetida turgan 2 nafar xorazmlik talabasini urib yuborgan. Hodisa oqibatida yigitlardan biri yengil jarohat olgan. Biri esa koʻrsatilgan tibbiy yordamlarga qaramay shifoxonada vafot etgan.
Viloyat IIB tarqatgan mana shu videoda aytilishicha, oʻquvchi oʻqiyotgan 57-maktabda muhokama yigʻilishi oʻtkazilgan. Onasi mashinani minib ketganidan (kameralar tasvirlariga ko'ra yigitcha mashinani 1-marta minib chiqishi emas) xabarim yo'q edi deyapti. Aybdor bo'lsa g'ingshib "Afsusdamiz, boshqa qaytarilmaydi" deydi.
Bo'ldi, video tugagan. Na yigitchaga, na uning ota-onasiga biror chora ko'rilgani (jarima, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikdan cheklash yo mahrum qilish...) haqida gap yo'q. Bir inson, yosh talaba o'lib ketyapti, axir. Uzr, bilmay qolibmiz, kechiringlar desa bo'ldimi? Inson joni shu qadar arzonmi? Nega voqeaga 2-tomon, o'lgan talaba tarafdan qaralmayapti? Uni ota-onasidan ham so'ranglar. Kecha soppa-sog' yurgan o'g'lini bugun bir tirrancha mashinada bosib o'ldirsa, jazosiz qolsa (videoda biror chora ko'rilgani aytilmagan) shunga rozimikin? Ota-ona tugul, videoni ko'rib men chidolmayapman-ku.
Bu ketishda biz jinoyatchilikka qarshi qanday kurashamiz? Yo'llardagi YTH qanday kamaytiramiz? Muntazam uyidagi mashinani so'roqsiz haydab chiqishga o'rgangan tirrancha bu ishni yana takrorlamasligiga kim kafolat beradi? Bunaqa odam o'limiga sabab bo'lib, uzrxonlik bilan qutilish jamiyatda shundoq ham urchib ketgan avtoteroristlarni ko'paytirib yuboradi degan xavotirdaman.
@pozitsiya