Fikrlashimiz ommaviy tafakkur tarzi hisobiga kun koʻradi.
Masalan, "Navoiy - buyuk" degan gapni azbaroyi Navoiyni qoyillatib oʻqib tashlaganimizdan emas, bizga shunday singdirilganidan aytamiz va bu avtomatik tarzda sodir boʻladi. Chunki bu gapni aytish uchun ongimiz emas, balki ongsizligimiz ishlaydi. Nega?
Navoiyni ulug'lash rasman 5-sinfdan boshlanadi. Va keyinchalik kollej, oliy taʼlimda ham "Navoiy - buyuk" jumlasi bizga suyaklarimizning har bir kovagidan tortib hujayralarimizga qadar shu qadar singdirib yuboriladiki, bu gʻoya atrofdagilarga xuddi mikrobdek yuqadi, odamlar bir gʻoya ta'siriga tushib, uning quliga aylanib qoladi va bora-bora Navoiy, uning shaxsiyati haqida ortiqcha, shaxsiy biron soʻz deyishga, munosabat bildirishga o'zingizni arzitmay qo'yasiz. Vaholanki Navoiy kimningdir toʻyiga kelgan sep emas, shoirning ijodini oʻrganish, bu haqida gapirish, yozish, yondashishga hammaning haqqi bor. Faqat buning uchun avvalo omma qatoridan chiqish kerak. Negaki olomon orasida shaxsiy fikr emas, ommaviy fikr birinchi oʻringa qoʻyiladi va bunda shaxsiyat zaiflashadi.
"O'tkan kunlar" - eng yaxshi oʻzbek romani." Bu ham shunday. Hatto romanni varaqlab koʻrmagan odam ham oʻylab oʻtirmay tepadagi gapni ayta oladi. Sababi oʻylash shart emas. Yillar mobaynida bu fikrning takrorlanaverishi oʻylashga hojat qoldirmaydi. Chunki odamlar takrorlanavergan narsaning kelib chiqishi, sabablarini unutib yuboradi va unga koʻr-ko'rona ishonadi. Ya'ni insonlar bir-biridan ta'sirlanadi va bu yuqumli taqlid jarayoniga olib keladi. Buning sababi shuki, xalqni aql emas, hissiyot boshqaradi. Qachonki bir fikr, gʻoya odamning hislariga ta'sir oʻtkazib, hisning oʻziga aylanmasa, bu gʻoyaning odamlar orasida ish berishi qiyin. Buning uchun vaqt kerak, takrorlar kerak, ta'sir kuchi kerak. Misol uchun, minbarda feminizm haqida baralla gapirgan oʻzbek ayoli oradan koʻp oʻtmay taxminan bir necha kunda yana oʻsha iffatli, hayoli tipik oʻzbek ayoli qiyofasiga qaytishi mumkin va bu tabiiy. Nega? Chunki oʻzbek milliy ayoli, oʻzbek qizi degan tushunchalar asrlar mobaynida qon-qonimizgacha o'tib ketgani, u bizning instinktimizga aylanib, biz bilan yashab kelayotgani bois undan qutulish oson kechmaydi, toki uni hissiy doiramizdan uloqtirib tashlamagunimizgacha. Hozircha shu.
Tursunoy
@mendagi_mendaliklar