#savolimbor
Assalomu alaykum! Men bir tashkilotda 3,5 yildan ilmiy bo‘limda ishlaganman ilmiy хodim bo‘lib. Lekin mehnat ta’tiliga chiqarilmaganman. Sabablari turlicha edi, viloyatlarda ko‘p ishchi guruhlarda yurdim. O‘zim ham mayli deb ishlayverganman. Otpusknoy pulim yig‘ilib turibdi deb. Hozirda tashkilot tuzulmasida o‘zgarish bo‘ldi va meni boshqa o‘tkazishmoqda. U bo‘linmada oyligim o‘rtasida farq bo‘ladi. Meni savolim o‘tgan 3,5 yilgi mehnat ta'tilim pulini ishlab turib ham olsam bo‘ladimi? Bo‘shamasdan turib, chunki bo‘shaganingda olasan deyishyapti. Yana bir savol 3,5 yillik ta'til puli qanday hisoblanadi o‘sha paytdagi oyligim bo‘yichami ? Meni хavotirim agar men boshqa bo‘limga o‘tsam meni 3,5 yillik mehnat ta'tilim kuyib ketmaydimi? Ishdan bo‘shab qayta ishga joylaymi?
Javob
O‘zbekiston Respublikasining 29.10.2019 yildagi Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risidagi O‘RQ-576-son qonunning 15-moddasiga asosan, davlat ilmiy tashkilotlarida ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarga qirq sakkiz ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan hamda moddiy yordamni ko‘zda tutadigan mehnat ta’tili beriladi.
Mana shu xodimlar toifasiga kirsangiz sizga Mehnat kodeksining
217-moddasida nazarda tutilgan yigirma bir kalendar kunlik ta'til emas, balki qirq sakkiz ish kuni ta'til beriladi. Hozir ish beruvchi bilan kelishib ariza yozgan holatingizga qo'shilmayman. Ertaga kafolat yo'q, ish beruvchi sizni qayta ishga olishiga. Qaytib olmayman desa hech narsa qilaolmaysiz. Sababi siz bilan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksining
160-moddasiga asosan, xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilingan bo'ladi.
Mehnat kodeksinin
228-moddasiga asosan, ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat ta’tili ish beruvchi va xodim uchun majburiy bo‘lgan ta’tillar jadvali bilan belgilanadigan har yilgi mehnat ta’tillarini berish navbatiga muvofiq beriladi. Ish beruvchi sizga uch yarim yil ta'til bermasligi huquqbuzarlik sanaladi.
Bu vaziyatda siz Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilsangiz, rahbaringiz javobgar bo'ladi. Ya'ni O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasiga asosan, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.
Mehnat kodeksinin
234-moddasiga asosan, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili uchun ta’tilning ushbu Kodeksning 217-moddasida belgilangan eng kam davomiyligidan tashqari pulli kompensatsiya to‘lanishi mumkin. Shunday ekan siz ishdan bo'shamasdan ham ta'til pullaringiz undirib olishingiz mumkin. Olinmagan ta'tilni kompensatsiya qilish uchun xodim albatta ishdan bo'shashi kerak degan qoida yo'q.
234-moddaning birinchi qismidagi "mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi" degan norma butunlay ishdan bo'shab ketayotgan xodimlarga tegishli. Ya'ni ishdan ketayotgan xodimni qarzlari ish beruvchida qolib ketmasligi uchun Qonun chiqaruvchi shu qoidani kiritgan.
Ta’til puli eski davrdagi emas, balki ta’tilga chiqayotgan davringizdagi ish haqingizdan kelib chiqib hisoblanadi. Sababi MK
233-moddasiga asosan, har yilgi mehnat ta’tilida bo‘lgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning
257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan o‘rtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi.
Yuqoridagi qonun hujjatlarini ish beruvchiga ayting. Agar u sizga ta'tillarni kompensatsiya qilmasa ish beruvchining ustidan Mehnat kodeksining
535-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.12.2018 yildagi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida 1066-son qarori asosida Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qiling.
Hujjatlar to'plami bu yerda
Huquqiy maslahatga uchun quyidagiga yozing
https://t.center/MehnathuquqimurojaatBot