Hozir Sizga tarixda o‘tgan ayanchli voqealardan birini hikoya qilib beraman, xulosani o‘zingiz chiqaring:
...Misrda fransuz bosqinchilariga qarshi kurashib, ularga katta talafotlar yetkazgan qo‘mondon Muhammad Karimni tutib, Napoleonning huzuriga keltirishadi.
- Men sening mardligingga, jasoratingga tan berdim, - deydi Napoleon. – To‘g‘ri, sen menga katta zarar yetkazding, ammo, men o‘z xalqining himoyasi uchun jonini berishga tayyor qahramonlarni qatl qilgan imperator sifatida tarixda qolishni istamayman. Shuning uchun, senga imkon bermoqchiman. Sen mening juda ko‘p askarlarimni o‘ldirding. Agar ular evaziga menga o‘n ming oltin tanga keltirsang, seni ozod qilaman. Bu bir va’dadir, so‘zdan qaytish yo‘q!
- Roziman, - deydi Muhammad Karim. – Shartingni to‘liq bajaraman, bunga imkoniyatim bor. Ammo ayni damda qo‘limda shuncha oltin yo‘q. Bozorlarda tirikchilik o‘tkazadigan odamlarga yuz ming oltin tanga qarz berganman. Ruxsat bersang, ulardan pullarimning sen aytgan miqdorini qaytarib olsam.
Napoleon unga ruxsat berib, muhlat tayin etadi.
Muhammad Karim oyoq-qo‘llari zanjirband holda, o‘nlab fransuz askarlari qurshovida har kuni Misr bozorlariga borar, o‘zi qarz bergan odamlarga Napoleonning shartini aytib, bergan pulining hech bo‘lmasa ma’lum miqdorini qaytarishni iltimos qilardi.
- Men sizlarning ozodligingiz, farovonligingiz yo‘lida jonimniyu molimni tikdim. Sizlarga hech bir aziyat yetishini istamayman. Hozir ham sizlarga yaxshi bo‘lishi uchun harakat qilyapman. Agar Napoleon aytgan oltinlarni olib borib bersam, u bizlarga ortiq zarar yetkazmaydi, - deya o‘tinadi. Ammo birorta qarzdor savdogar uning pullarini qaytarishni istamaydi. Qaytaga, Muhammad Karimning o‘zini malomat qiladilar.
- Sen Iskandariyaning vayron bo‘lishiga sababchi bo‘lding! Seni deb tijoratimiz kasod bo‘ldi! Avvalroq taslim bo‘lganingda, shu qadar katta zarar ko‘rmagan bo‘lardik! – deya tashlanishadi unga.
Muhammad Karim Napoleon bergan o‘n kunlik muhlatni shunday xorlik bilan o‘tkazadi. Hech kim bir tanga ham bermaydi unga.
Muhlat bitgan kuni Napoleon iztirobdan boshini ko‘tara olmay qolgan bu azamatga ham achinish, ham g‘azab bilan hayqiradi:
- Sen qatl qilinishga loyiqsan! Sababini bilasanmi? Sen qorin qayg‘usini yurt qayg‘usidan ustun qo‘yadigan, johil vatandoshlaringni deb, mening yuzlab azamat askarlarimni o‘ldirding!..
Muhammad Karim o‘sha kuniyoq qatl qilinadi.
...«Johil olomonni qutqarish uchun maydonga otilgan odam – ko‘rlarning yo‘lini yoritish uchun o‘ziga o‘t qo‘ygan odam kabidir», deya yozgan edi faylasuflarning biri.
@kitob_ombori