21-sentabr kuni soat 17:00 da @marifatziyo telegram kanalida “Gazeta uchun maqola yozish tartib va talablari” mavzusida ovozli chat o‘tkaziladi.
✅ Mavzu yuzasidan savollarga “Maʼrifat” gazetasi bosh muharriri Husan Nishonov javob beradilar.
📌 Shu vaqtda qadar gazetaga yuborgan maqolalaringiz qaytarilgan bo‘lsa yoki talablarini bilmaganingiz uchun maqola jo‘natishga ikkilanib turgan bo‘lsangiz, albatta master-klass shaklidagi ovozli chatimizda ishtirok eting.
Diyoraning birinchi murabbiyi Xurshida Xoliqova 8 yil oldin "Endigi maqsadimiz — Olimpiadada chempion bo‘lish" degan edi. Mana, murabbiy qanday bo‘lishi kerak! Eng yuqori maqsadlarni qo‘ya olishi kerak. Rahmat, sizga Xurshida Xoliqova! @karvonli
✅2014-yili Diyora Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasida ikkinchi Osiyo o‘yinlaridan bronza medal bilan qaytganida qaynonam hayot edi...
Qizimni har safar musobaqaga kuzatayotganda, har kuni duo qilardi. Yutqazib qo‘yganida ko‘nglini ko‘tarib ruhlantirardi. Diyora ham bizdan ko‘ra ko‘proq buvisiga quloq solardi. “Qizim, hali bundan ham katta musobaqalarda g‘olib chiqasan, ishonaman. Men ko‘rmaganni el ko‘radi”, der edi rahmatli. Mana, bugun qaynonamning aytganlari ro‘yobga chiqdi...
“Nimjon bo‘lsayam xarakteri bor edi”
Xurshida Xoliqova, Samarqand viloyat oliy sport mahorati maktabi va Pastdarg‘om tumanidagi 1-BO‘SM murabbiyi, sport ustasi:
─ Diyora ilk mashg‘ulotga kelgan kunlarni yaxshi eslayman. Juda nimjon edi, lekin nimjon bo‘lsayam xarakteri bor edi. Shug‘ullanishni boshlagandan so‘ng ikki yillar o‘tgach musobaqalarga olib chiqa boshladim. Avval viloyat birinchiligida g‘olib chiqdi. O‘sha yili respublika chempionatida 3-o‘rinni egalladi. Keyingi yili mamlakat chempioni bo‘ldi. O‘shandan beri respublika chempionatida o‘z vaznida 1-o‘rinni hech kimga bermay kelmoqda.
Shogirdining yutug‘i murabbiyga qanchalar faxr, g‘urur, zavq-shavq, yanada ko‘proq mehnat qilishga rag‘bat, ishtiyoq berishini murabbiylar yaxshi biladi. O‘tgan yili jahon chempioni bo‘lganida qanchalik quvongan bo‘lsam, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lganida shunchalik g‘ururlandim. Shu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz, albatta. Yaqinda, mana, kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida 52 kilogramm vazn toifasida 1-o‘rinni oldi. Endigi maqsadimiz Olimpiada chempioni bo‘lib, jahonning eng nufuzli sport anjumanida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish. Diyoraga ishonaman, bu uning qo‘lidan keladi.
“Buvim doim men bilan birga”
─ 2013-yili Rossiyaning Tver shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada 5-o‘rinni egalladim. Hatto bronza medal ham ololmaganim juda alam qilgan, ─ deb eslaydi Diyora. ─ O‘shanda katta enamga yig‘lab SMS yozganman. Buvim shunday javob bergan edi: “Yig‘lama, bolam. Hali ko‘p yutuqlaring oldinda. Mana, shuncha dunyo kezayapsan. Ko‘p ellarni ko‘rayapsan. Bilsang, shuning o‘ziyam katta gap. Sening ko‘zing ─ mening ko‘zim. Sening ko‘ngling ─ mening ko‘nglim. Shuni yaxshi bilib qo‘y. Qachon, qayerda bo‘lsang ham, sen bilan birgaman. Buni hech qachon unutma”. Oldin meni buvim, ota-onam, murabbiylarim duo qilgan bo‘lsa, endi butun xalqimiz, Yurtboshimizning e’tiboriga tushdim. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti zimmamdagi mas’uliyatni chandon oshirdi. Bunday yuksak e’tibor, e’tirofga munosib bo‘lishga, ona Vatanimiz dovrug‘ini uzoq yillar dunyoga taratib yurishga va’da beraman.
Husan KARVONLI
📰“Ma’rifat” gazetasining 2016-yil 16-mart sonidan olindi.
📌To‘qsoninchi yillar boshi. Bahor. Juma shahridagi 28-maktabda bitiruvchi sinflardan birida jismoniy tarbiya fanidan imtihon bo‘layapti. O‘qituvchi eng avval qizlarga murojaat qildi:
─ Borib keyingi darsga tayyorgarlik ko‘raveringlar. Baholaringni qo‘yib qo‘yaman...
Qizlar shunday bo‘lishini bilganday xotirjam sinfxona tomon yo‘l oldi. Ammo bir qiz joyidan jilmay turaverdi.
─ Sen nega ketmayapsan? ─ so‘radi o‘qituvchi.
─ Men imtihonni o‘zim topshirib baho olmoqchiman, ─ dedi qiz qat’iyat bilan...
Bu manzara ko‘pchiligimizga tanish. Rostdan ham o‘sha paytlari jismoniy tarbiya darslari ham, bu fandan imtihonlar ham nomigagina o‘tkazilardi. Ayniqsa, qizlar jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida deyarli ishtirok etmas edi. Biron qiz jur’at qilib, sport formasi kiyib sport bilan shug‘ullana boshlasa, odamlar gapirardi...
─ O‘shanda imtihondan besh baho olganman, ─ deydi Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 19-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi Dilorom Sharipova. ─ Bu qaysarligim to‘ng‘ichimiz Diyoraga o‘tgan ekan, mana jahon chempioni bo‘ldi.
Sog‘lom oila
Juma paxta tozalash zavodi ishchisi Baxtiyor Mardonov oilasiga bugun ko‘pchilik havas qilmoqda. Oilada voyaga yetayotgan to‘rt farzand odob-axloqi, a’lo o‘qishi, sportda erishayotgan muvaffaqiyatlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, barchaning havasini keltirmoqda.
Diyora Pastdarg‘om politexnika kasb-hunar kollejining 3-kurs o‘quvchisi. Gulniso Pastdarg‘om pedagogika va sport kasb-hunar kollejida tahsil olayapti. Quvondiqbek Juma shahridagi 21-umumta’lim maktabining 6-, Og‘abek esa 2-sinfida o‘qiyapti.
Bolalar dadasi bilan birga har kuni tongda yugurib, badantarbiya mashqlarini bajaradi. Pedagogika kollejining jismoniy tarbiya yo‘nalishida o‘qiyotgan Gulniso ham dzyudo, ham sambo bilan shug‘ullanadi. Tuman va viloyat miqyosidagi musobaqalarda bir necha bor g‘olib bo‘lgan. Diyora esa...
“Men ko‘rmaganni el ko‘radi”
Dilorom Sharipova:
─ Diyora tug‘ilganida juda nimjon edi. Danakcha, deb erkalatardik. Yaxshi eslayman, 6 yoshida 1-sinfga chiqqanida sumkasini bazo‘r ko‘tarar, maktabgacha deyarli sudrab borardi. Salgina shamol tegsa aksa urib qolar, immuniteti juda past edi. Rahmatli qaynonam bunga chidab turolmadi. Qo‘lidan yetaklab sport maktabiga olib bordi. Shungayam mana o‘n ikki yil bo‘libdi...
Diyora ─ buvisining qizi. Qaynonam Gulsara Quvondiqova nihoyatda g‘ayratli ayol edi. Uzoq yillar hozir men ishlayotgan bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lgan. Mahallada nimaiki tadbir bo‘lsa, qaynonamsiz o‘tmasdi. Tashkilotchi, yetakchi edi. Yaxshigina doira chalib qo‘shiq ham aytardi. Hech kimdan maslahatlarini ayamasdi. Nevaralarini juda-juda yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, Diyorani. Chunki uni o‘zi katta qilgandi-da!..
Buvisi dzyudoga qatnay boshlaganidan qizimning qulog‘iga quyib kelgan: “Xudo xohlasa, jahon chempioni bo‘lasan, yurtimiz, diyorimiz bayrog‘ini baland ko‘tarasan! Men bunga ishonaman”.
Musobaqalarga o‘zi olib borardi. Bolam bilan birga yurishdan hech charchamasdi.
Ha, aytganday, yoshligida o‘zi ham bir maydon kurash tushgan ekan. Odamlar gap qilgan. Birda aytib qoluvdi. Endi gap-so‘zlar hech tugamas ekan-da. Qizlarim sport bilan shug‘ullanib, katta-kichik davralarda kurash tushib boshlagach, ayrim qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladoshlar ham gapirgan: qiz bolaga kurash tushish yarashmaydi, deb. Bugun esa hammasi Diyoraga havas bilan qaramoqda. Qizlarini sport to‘garagiga olib borayotganlari haqida ham eshitdik.
Ularga doim aytganman: bolangizni sportga bering. Ayniqsa, qizlarni. Prezidentimiz ham aytdilar-ku: “...qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, ham jismoniy, ham ma’naviy sog‘lom avlodni o‘zimizga tasavvur qilamiz, naslimiz davomchilarini ko‘ramiz. Hech shubhasiz, qiz bola sog‘lom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘lsa, u quradigan oila ham, bu oilaning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat barqaror va farovon bo‘ladi”.