View in Telegram
O'zbekiston maktab darsliklari tizimiga egalik "Novda" xususiy nashriyotiga necha yilga "bog'lab" berildi? Va nima uchun? Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bu borada jo'yali izoh beradimi? Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazi rasmiy telegram-kanalida 5-sinflar uchun "Tabiiy fanlar" darsligi va mashq daftarinining 1-o'quv choragi uchun mo'ljallangan qismlari e'lon qilindi. Darslik va mashq daftarining ichki muqovalarida vazirlik, "Marshall Cavendish" va "Novda"ning logotiplarini ko'rish mumkin. (Vazirlik 5-6 sinflar uchun tabiiy fanlar va matematika darsliklarini tarjima qildirayotgani haqida ilgari yozgan edim, vazirlik esa bu haqda indamaslikni, hech qanday izoh bermaslikni ma'qul ko'rgan edi). Bundan oldinroq ijtimoiy guruhlarda yangilangan 5-sinf "Adabiyot" darsligining muqova va mundarijasi tarqalgan edi. Ayrim manbalarga 5-sinflar uchun darsliklar yaratilgani, tabiiy fanlar va matematikadan 5-6-sinflar darsliklari Singapurdan tarjima qilinganini iddao qilishgani haqida yozgan edim. O'sha va ayrim boshqa manbalarga ko'ra, bu darsliklarni chop qilish bitta xususiy nashriyotga topshirilgan va bu nashriyot darsliklarni chop qilib xorijdan olib kelishga ulgurmayapti ekan. O'tgan yili "Novda" darsliklarini Janubiy Koreyada chop qilib olib kelgan, buni "mahalliy tipografiyalar kerakli sifatni ta'minlab bera olmasligi, Koreaya chop qilib O'zbekistonga olib kelish arzonroqqa tushishi bilan izohlagan edi. Qizig'i, darsliklarning o'zidagi nashr ma'lumotlarida esa ular Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tasarrufiga o'tkazilgan "O'zbekiston" nashriyotida chop qilingani yozilgan edi. O'tgan yili ham maktablar o'quv yilini darsliklarsiz boshlashga majbur bo'lishgani haqida mahalliy matbuot yozgan edi. O'tgan hafta bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova ham, davlat ta'lim standartlari va o'quv dasturlarini "takomillashtirish 2025-yil oxirigacha yakunlanishini" aytgan o‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Dilshoda Norboyeva ham O'zbekiston maktab darsliklari tizimi "Novda"ga necha yilga va qaysi karomatlari uchun "bog'lab" berilganini ochiqlashmagan. Darsliklarni butun normal dunyoda, xususan, o'sha Singapur yoki Finlyandiyada bo'lganidek, ochiq bozorga topshirish vaqti keldi. Shunda xususiy nashriyotlar davlatdan milliardlar olmasdan kerak bo'lsa sifatli darsliklar ham yaratishadi, kerak bo'lsa Singapurning yoki boshqa davlatning eng oldi darsliklarini tarjima qilib berishadi. Faqat buning uchun ochiq bozor, halol raqobat kerak. Shunda affillangan "Novda"ga qarab qolgan o'qituvchilar, o'quvchilar va ota-onalar "har sentyabrda shu bo'lar takror" deb o'tirishmaydi.
Telegram Center
Telegram Center
Channel