#
tavallud
15-yanvar — shoir Islomjon Qoʻchqorov tavallud topgan kun
DARAXTLAR
Sizning davrangizga yo‘q menda bardosh,
Soppa-sog‘ ko‘ringan karlar, karaxtlar.
Men o‘zimga topdim yangi suhbatdosh,
Hasratim tinglaydi endi daraxtlar.
Ha, ular jimgina osgancha quloq
Gohida shovqinsiz tebranib qo‘yar.
“Yelkadosh” do‘stginam, ahvolimga boq,
Yiqilsang daraxtlar beminnat suyar.
Daraxtlar quyoshga intilib o‘sgan,
Marra qilib olgan nurni, ziyoni.
U tashlab ketmoqchi bo‘layotgandek
Odamlari sulloh, ablah dunyoni.
Uning xayollari ko‘kka yetadir,
Yulduzlar saylida yuradi xushhol.
O, mash’um o‘tmishim ta’qib etadir,
– Men ketdim, yulduzim, xayr, yaxshi qol…
Daraxtlar – suhbati oromijonlar,
Taskin axtarurman sizdan ehtimol.
Boshimda tegirmon aylangan onlar,
Bir sizga yukindim, qildim dardihol.
Xo‘rsindim, oh urdim va shunda sizning
Angladim tashvishli titrog‘ingizni.
Men uchun har kuzda bandidan uzib
Ko‘zyoshdek to‘kdingiz yaprog‘ingizni.
Islomjon QO‘CHQOROV
@yoshlikjurnali
yoshlikjurnali.uz