Milliy teatr. Ota-onam va boshqa yaqinlar bilan spektakl tomoshasiga kelganmiz. Zalda biz bilan birga yana yuzlab tomoshabin. Ammo belgilangan vaqt - 18:00 dan 15 daqiqa o’tdi hamki, spektakl boshlanayotgani yo’q. Teatr xizmatchilaridan kechikish sababini so’rasak, buni “Prezident akademiyasidan mehmonlar kelishi kerak, kelishsa, boshlayveramiz”, deya tushuntirishdi. Javob ohangidan sezildiki, odamlarni kuttirish ularga ham yoqayotgani yo’q. Ammo majburlar.
…
18:20. Mehmonlardan darak yo’q. Tomoshabinlar betoqat bo’lyapti. Umumiy qarsak to’rt-besh qayta yangrab o’tdi.
…
18:25. Butun zal kutgan mehmonlar va nihoyat kirib keldi. Ko’pi rasmiy kiyingan, 35-40 yoshlardagi kishilar. O’ylashimcha, akademiya tinglovchilari – bo’lajak rahbarlar.
Kelganlar odamlar oldidan bir-bir o’tib borishdi-da, faxrli mehmonlar uchun belgilangan joy - o’rta qatorlarga joylashishdi. Uzoq kuttirgani uchun hammaning ko’zi ularda. Ammo kelganlarda biror noqulaylik, kuttirgan insonlaridan uyalish, uzr so’rashni ko’rmadim.
18:27. Kelganlar sharafiga (ha, aynan shunday tushundim, tomoshabinlar uchun emas, kelganlar sharafiga) atalgan spektakl boshlandi…
….
27 daqiqalik bu voqeadan o’nlab xulosalar chiqarish mumkin. Ulardan biri - odamlarimiz huquqini talab qilolmaydi. Jamiyatimizdagi barcha muammolarning ildizlaridan biri shu. Katta bo’lsin, kichik bo’lsin, rahbar degan nomi bor ekan, unga hamma narsa mumkin, degan qarash qonimizga singib ketgan.
Tabiiy, rahbarlikka ko’tarilib, qora oynali avtomobilga o’tirgan borki, shu qarash ta’sirida g’urur, kekkayish otiga minadi. Menga hamma narsa mumkin ekan, degan qarashni o’ziga singdiradi.
Muammoning kadrlar tayyorlash tizimidagi eng oliy dargoh – Davlat boshqaruv akademiyasi tinglovchilarida ham davom etayotgani afsuslantirdi…
Bilmadim, siz qanday tushindingiz-u, men shunday xulosalar qildim...
@haqiqatdaIlyos