day,
Ko‘zim mung libosin yirtib tashladi.
Hatto tegramdagi zulmatli olam,
Vo ajab,
Nurlarga aylana boshladi...
“Sog‘inib yashadim”...
Nega buncha kech?!
Qismatning izmiga yo‘q hech bir sabab.
Asrashga qodirdir nahotki meni
Xazon g‘azabidan
Shu bir og‘iz gap?!..
Boshdan oyog‘im nur,
Boshdan oyog‘im...
***
Begunoh parvardigor,
Gunohkorman oldingda...
Maysalarga aylansam —
Qolamanmi yodingda?
Rayhon bargi silkinib,
Yuz ochsa shabbodaga,
Shabnamga ko‘ngil bersam —
Qonamanmi bodaga?
Ishq faslidan adashib
Dil so‘rasa qaldirg‘och,
Karbalo dashti uchun
Jonim bo‘larmi xiroj?
Subhidam kokillarin
Tarasa malak yog‘du,
Mendan umidin uzib,
Tashlab ketarmi qayg‘u?
Begunoh Parvardigor,
Gunohkorman oldingda...
Halimadan voz kechsam
Qolamanmi yodingda...
***
O‘zingni tiy, sharmanda qilma,
emasmiz-ku biz qadrtalab.
Shu ozgina ko‘rgulik uchun
Axir shartmi ketishing qulab.
Har qancha g‘am, azob bo‘lmasin,
Dardkash yuragimda to‘lib tur,
Men qiynalib dard chekkan tunlar,
Ko‘zlarimda porlab, kulib tur.
Garchi bugun...
Toshdan ham og‘ir —
Yemirilib borarkan loshim,
Boshing uzra ko‘tar ko‘nglimni —
Meni yupat,
Yupat, ko‘z yoshim.
...Hozir esa yurak ichida
Kuyla, g‘animlarning qasdiga,
Kechirmayman agar yiqilsang,
Pastkashlarning oyoq ostiga...
VAQT
Xosiyat Rustamovaga
...Ishonmang, hayotda vaqt yo‘qdir,
Uni biz yaratdik,
deding entikib.
Rostdan shundaymikan, o‘yladim —
Olis ufqlarga ko‘z tikib...
Lahzalar sochilib yotibdi,
Maysalar, gullarda, daraxtda...
Kim tug‘ilib, kimdir o‘lyapti,
Tan olging kelmagan shu Vaqtda.
Bozor xaltalari yelkada,
Vaqt ketayapti ko‘chalarda jim.
O‘zin osib qo‘ydi bilmasdan —
Vaqtning yuragiga allakim.
Mozordagi har bitta qabr —
Ishdan chiqib zanglagan soat.
Yugurishdan charchab qolgan Vaqt
Shu makonda dam olar faqat.
Ammo kecha-kunduz tinmasdan,
Biz bilgan ilohiy Soatsoz
Zanglab ketgan qadim soatning
Millariga beradi pardoz.
Juda og‘ir Vaqt oyoqlari —
Shafqat qilmay yanchadi dilim.
Ishlab ketsa zanglagan Soat,
Keyin nima qilamiz, singlim?
SHAROB
Mezbon dasturxonga qo‘ydi maqtanib:
“Mana bu ming yillik qadimiy sharob”.
Billur qadah ichra chayqalib, sirli,
Sharob boqar edi etgancha itob.
Kimdandir eshitgan edim go‘yoki,
Odamning qoniga o‘ch bo‘larkan tok.
Qadimda shohlarning usta bog‘boni,
Pinhon keltirarkan kim bo‘lsa halok.
Ko‘markan so‘ng uni tok ildiziga,
Shundan gurkirarkan uzum daraxti.
Uning sharobidan sarxush podshohning
Tillolari ekan — bog‘bonning baxti.
Jonimga alanga yugurdi nogoh,
Sharobdan simirib edim bir qultum.
Men sening qoningni ichdim,
Bilmayman —
Sen kimning qonini ichganding uzum?!
SURATKASH KO‘ZIM
Qorachig‘i qadoq mehnatkash ko‘zim,
Suratga olasan borliqni tinmay.
Kichik chumolidan koinotgacha,
Suratin ishlaysan sen hech erinmay.
Bunchalar mohirsan, bunchalar hushyor,
Ishingni ko‘zini yaxshi bilasan.
Nafis suratlarni pardozlab yana
Ko‘nglimning uyiga sekin ilasan.
Sen olgan suratga qarab har kuni,
Yoniq she’rlar yozdim,
yuragimda cho‘g‘.
Shuncha she’rlar yozib,
shuncha she’r bitib,
Hali ham hayotni tushunganim yo‘q.
Yaxshiyam bilmaysan,
qaysidir bir kun —
Qazo darvozasi ochilgan mahal,
Yagona musavvir parvardigor deb,
Barcha suratlaring yirtadi Ajal.