i dilimda qurigan daraxt.
Bir yorug' kun kelar..
Ko'zlarim kulolning hajrida yonar.
Lablarim musallas nuri to'kilgan
Sog'arning sohira guliga do'nar.
Bir yorug' kun kelar...
* * *
O'tajakman bu dunyodan,
Dunyo mandan o'ta bilmas.
Rohiba - oy, rohib - xayol
Mani bunda tuta bilmas.
Men o'tarman, mungli-mungli
Manimdan so'ng ko'zlar qolur.
O'tarman ko'ksim arolab,
Yergacha ildizlar qolur.
Men o'tarman bir tun kabi,
Toshga to'la izlar qolur,
O'tajakman bu dunyodan.
Dunyo mandan o'ta bilmas,
Rohiba - oy, rohib - xayol
Mani bunda tuta bilmas...
O'ZIMGA QASIDA
Kuzak bahor,
Atirgul oy,
S?vgi gadoy,
Dil lolazor
Bo'lmoqchi edi.
Daraxt shamol,
Qayg'u b?hush,
Xazon ayol,
Ayriliq tush
Bo'lmoqchi edi.
Zamin osmon,
Xo'rlik kamon,
Falak qaroq,
Zulm tuproq
Bo'lmoqchi edi.
Ular nima bo'ldi -
Bilmadim.
Men Halima -
Bo'laolmadim.
* * *
Ovut meni, ovuggil meni,
Yolg'on dil xunidan to'yganman, degil,
Sochlarim kuylagan barmoqlaring-la
Shodlikmi, baxtmidi suyganman, degil.
Ovut, zardoblari chayqalgan qalbim,
Ertaning haqqidan kechganman, deb ayt.
Ismim aytolmagan o'lim bo'g'zidan,
Haqorat zanjirin yechganman, deb ayt.
Men bu tun yetimman samoga, yerga,
Binafshalar kular bunchalar o'jar.
Hayqir, sevaman, de, toki, dunyoning,
Ko'zlari ko'r bo'lsin, quloqlari kar.
Ovut, og'ushingda to'lg'ongan daryo
Senga singib ketsin telba-yu dalli,
Mensiz ochilajak gullar kulgusin
Bir lahza his etib olay aqalli.
Ovut meni, ovutgil meni,
Tongacha ruhingda qilayin safar,
Shunday ovutgilki, yoshlarim kulsin,
G'amlarim kulsin,
Erta sensiz o'tguvchi damlarim kulsin,
Parvonasi kuygan sha'mlarim kulsin,
Ovut meni, ovutgil meni,
Bizniki de, faqat bizniki -
Jannatdan o'g'irlab olgan bu sahar.
Ovut meni, ovutgil meni...
* * *
Bejirim kechalar, sovuq kechalar,
Oyning laganida muzlagan afsun.
Yalang'och daraxtning butoqlarida,
Junjikib uxlaydi alamzada tun.
Balki, muzlayapti kimdir dilimda,
Bejirim kechaning afsonasiday.
Jonimni kaftimga olib titradim,
Ajal soch taragan ishq shonasiday.
'Men kimman?' yulduzlar folida kuygan,
Sog'inch junbushida qismat ko'rgan tush?
Ko'zin tuproq ko'mgan orzu misoli,
Meni ham bu hayot etar faromush.
Har maysa qonida qalqiydi yodim,
Garchi, yer jismimga ochsa-da og'ush.
Jondan sizilguvchi faryodday u kun,
Oshig'im, ko'zingdan to'kilgum behush.
Bejirim kechalar, sovuq kechalar,
Ruhim ketib qolar, mendan so'ramay.
Mahdud soya kabi, so'rayman Haqdan,
O'lgan yuragimni qayerga ko'may?
Oyning laganidan toshdi afsunlar,
Osmonni sindirib hayqirdi zorim.
Zaminda bir joy yo'q, ko'mayin desam,
Dilimga qabr ber, Parvardigorim.
* * *
Toshkentnig tosh ko'chalarida,
Sog'inchmi u, qaddim bukadi.
Buxoroning bir qishlog'ida,
Bodom gullarini to'kadi.
Darvozada o'ltirar dadam,
Ma'yus maysalarday to'shalib.
To'kiladi sog'ingan ko'ngli,
Bodom gullariga qo'shilib.
Kunlar o'tar, shamolday besas,
Dunyosiga nazar solmayman.
Bir yildir-ki, dadajon, sizga,
Boraman, deb, bora olmayman.
Ilinjlarda muzlamoqda jim,
Tomirimda oqayotgan qon.
Qaldirg'ochning qanotlarida
Men boraman kuting, dadajon.
Huvillagan yurakday hovli,
Onamnimi, eslab ezilar.
Men bilaman, har bir qadamda,
Onajonim o'rni sezilar.
Bag'ringizni quyoshga tuting,
Dilingizga suyansin osmon.
Bahorning xush sabolarida,
Uchib borayapman, dadajon.
Toshkentning hur ko'chalarida,
Majnuntollar qaddin bukadi
Buxoroda - Po'lat qishloqda,
Bodom gullarini to'kadi.
* * *
To'liqib-to'liqib oqar kun,
Yodingni tiladi oy xanjar.
Qaydadir xotirang haqqini
Hur xayol o'padi mushtipar.
Bu latif kechaning bag'rini
Bir qo'shiq to'ldirar shikasta.
Nafis oy nuriga osilib,
Tushingga kiraman ohista.
* * *
Boshdan oyog‘im nur,
Boshdan oyog‘im...
Shaffof havolarga ketdim chirmashib,
Agar menga boqsang,
Shu lahza quyosh —
Raxshona ko‘zlaring ketar qamashib.
“Sog‘inib yashadim” —
Bu qanday kalom?
Boshqa so‘z na hojat,
Sharhga na hojat.
Hayotni boshimga ko‘tarib bugun —
Qayoqqa ketayapman, betoqat...
Ming yillik zindondan
Chiqqan mahbus