View in Telegram
Oʻzim qishloqda tugʻilganman va qishloqlarda koʻpchilik qarindoshlar bir biriga yaqin joyda yashashadi, har bitta qarindoshimizning uylari bir biriga piyoda yetib borsa boʻladigan masofada. Biron bir tadbir boʻlsa hamma bitta hovliga yigʻiladi. Qishloqda toʻy-maraka, yig'ilish, tadbirlar koʻp boʻladi va albatta qarindoshlar ham tez-tez yigʻilib turishadi. Bunday tadbirlarni qishloq sharoitida o'tkazish oson emas, gaz tanqisligi boʻlgani uchun o'choqqa ovqat, tandirga non yopish kerak, suv tez-tez oʻchib turgani uchun tadbir boʻladigan kundan bir kun oldin, zaxira sifatida katta katta idishlarga suv to'ldirib qo'yiladi, agar bizning hovlimizda suv to'xtagan boʻlsa, boshqa bir mahalladan yoki koʻchaning boshidagi qo'shnimizning uyidan suv tashib kelishga toʻgʻri keladi. Toʻylarda yoki yigʻilishlarda koʻp inson kelgani uchun kattaroq qozonga ovqat tayyorlash kerak, buning uchun esa albatta kattaroq qozon va kattaroq oʻchoq kerak boʻladi va buning uchun kerak boʻladigan asosiy narsa koʻp miqdordagi yog'och o'tin. Katta hajmdagi qozon va oʻchoqlar har bitta uyda boʻlmagani uchun, uni ham boshqa bir qo'shnining uyidan olib kelishga toʻgʻri keladi. Hullas qishloqda ish koʻp, lekin shu bilan birga toʻy boʻlishidan bir kun oldin ko'pchilik qarindoshlar hashar qilishga ya'ni mana shunday ishlarga yordamlashish uchun kelishadi. Albatta qishloq odamlarida shahardagilarga qaraganda oqibat kuchliroq. Lekin bir narsa menga umuman yoqmasdi. Yaʼni qarindoshlar oʻrtasida bir turkumdagi insonlar bo'lardi, ular oilasi bilan alohida koʻchib chiqishgan, qishloqdagi hamma qarindoshlarga qaraganda uzoqroqda yashashadi, o'zining shaxsiy biznesi bor, boshqalarga qaraganda qimmatroq mashinalari, kattaroq, chiroyliroq uy joylari bor, o'ziga toʻq (boy) qarindoshlar. Ular qaysi davraga bormasin albatta eng yuqoridagi joyni egallashadi, hamma ularga hurmat ko'rsatishadi, yoshi ancha kichik bo'lgan taqdirda ham, hamma ular bilan maslahatlashib ish koʻradi, ularga yoqishga harakat qiladi, ular bilan koʻproq, yaxshi munosabatda boʻlishni xohlashadi, garchi soxta boʻlsa ham, lekin nega? Kichkinaligimda shu insonlar menga sovgʻalar olib kelishsa ham, menga "marojni" uchun pul berishsa ham ularni yoqtirmasdim, ko'zimga yaxshi ko'rinmasdi. Ular kelganida har doim, boshqa qarindoshlar kelganda qo'yilmagan narsalar dasturxonda paydo boʻp qolardi, ulardan yoshi ancha katta insonlar obdasta bilan ularning qoʻliga suv quyishardi. Uyimizda katta tadbir boʻlsa, koʻchaga chiqib ko'pchilik boshqa qarindoshlarimizning mashinasidan koʻra, aynan ularning mashinasidan xabar olib kelishim kerak edi, joyida turibdimi, koʻchada men qatori bolalar teginmayapdimi?! Ular hech qachon hashar uchun yoki mehnat qilish uchun, suv tashib, o'tin yorish uchun kelishmasdi, garchi ulardan katta insonlar kelib yordamlashganda ham. Bunga javoban ular, kelganidan keyin ham hamma qatori yurmasdi, ancha hurmattalab bo'lishardi, ba'zida menga bergan buyruqlari jig'imga tegardi. Kattalar ham ulardan ishi yurishmagani uchun maslahat so'rashsa, qo'lida sigaret ushlagan holda, "sizga kim qoʻyibdi uyoqda ishlashni, qo'lizdan kegan ishni qiling, eplolmisiz baribir, ana qorovullikga ish gaplashib beraman, ishlab yuraverasiz, sizga yetadi" degan gaplar bilan, boshqa insonlarni yerga urishdan boshqasiga o'tmasdi. Yoki kimdir ulardan yordam so'ramoqchi bo'lishsa, "uzura meni ishlarim bor edi, siz bilan keyin gaplashamiz" deb indamay ketvorishdan boshqasini bilmasdi. Hatto janozalarda ham, huddi artistlar toʻyga kelib oʻzining ishini bitirib chiqib ketgani kabi, el-xalq gapirmasligi uchun, atrofdagilar koʻzi uchun biroz muddatga kelib, keyin yana oʻz ishiga qaytib ketgani, hech nima sodir boʻlmagandek, shunchaki oʻz ishlarida davom etganlarining ham guvohi bo'ldim.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Find friends or serious relationships easily