XX asrning ikkinchi yarmida uch ulug‘ muharrir dovruq solmasdan o‘tdi: Mahmud Sa’diy, Murod Xidir, Mahkam Mahmud. Uchovini egizdek eslaydilar. Ammo o‘zlari judayam opoq-chapoq emasdi. Fikr odamlarida shunday bo‘ladi, hecham ajablanarli emas.
"Dovruq solmasdan" deya chappa gap tuzishim boisi, ularning o‘nlab yaxshi ishlarini eslashimiz, chiqargan kitoblarini barmoq bilan sanashimiz mumkin, biroq yuzlab, minglab xizmatlari adabiyotimizga singishib ketgan.
Mahmud Sa’diy (Murod Xidir yoki Mahkam Mahmud) nima qilgan o‘zi, deb so‘ralsa, daf’atan javob topolmay qolamiz. Ular o‘zbekning saviyasini ko‘tarishga jiddiy hissa qo‘shdi. Boshqalardan farqli ravishda Vatanni indamasdan sevdi, dovruq solmasdan Millatga xizmat qildi.
Muharrirlar narvonga o‘xshaydi: qancha odamlarni tomga chiqaradi, lekin o‘zlari doim pastda qoladi. Mahkam Mahmudning tuzukroq rasmini internetdan topolmadim. U haqdagi ma’lumotlar ham siyrak. Tomga chiqvolganmiz, narvonni keraksiz bilamiz. Ilk bosomoqqa oyoq qo'yganlar ham, narvonni shunchaki narvon deb o‘ylaydi, u ham bir paytlar tomni ko‘zlagani, lekin boshqalarga yelka tuta-yelka tuta, oxiri narvonlik qismatini bo‘yinga olganini qadrlamaydi.
Mahkam Mahmudning manzilini payti-zamonida rosa surishtirganman, u yoqda-bu yoqda, uzoq-uzoqda, degannamo javob olardim. Eng alam qilgani, o‘sha uzoq-uzoqda deyarli yonma-yon yashagan ekanmiz, har kuni o‘tadigan yo‘lim ustida ekan uyi...
Tabiat qonuni shunday: hech kimga kerakmaslar ishvalanar ekan, jilvalanar ekan. Ma’no-mazmun esa senga kerak bo‘lsam, topib ol, deya uzoq-uzoqda jimgina yurar ekan.
Dostonlarda asl tulpor ko‘rimsiz bo‘ladi, chin botir nuqsonli keladi – shuytib o‘zini yashiradi. Tanigan taniydi, tan oladi. Tanimagan shaqildoqqa, qaqildoqqa mahliyo bo‘lib o‘taveradi.
Xullas, uch afsonaviy o‘zbek muharririning eng so‘nggisidan ham ayrildik.
P.S: Farrux Jabborov facebook sahifasidan olindi.
@Elyor_Haydar