#nazm
Mening sayyoramni tark etgan kuning,
Bulutga aylandim yogʻib bermoqqa!
Sevmading deyishga haqqing yoʻq sening,
Haqqim boʻlmagandek seni sevmoqqa!
Vijdoning gapirsa xoziroq aytsin,
Qadrim huzuringda kulmi, kukunmi...
Ichimga har kuni oʻt ketsa ketsin,
Ammo qoʻllaringdan tutmoq mumkinmi?
Qalbing qaroriga shoshilmay tursin,
Bir kuni anglaysan barin nihoyat.
Seni baxtim deyish bir yoqda tursin,
Hatto sogʻinmoq ham ogʻir jinoyat!
Sogʻinchlar bir kuni haddidan oshib,
Meni ajdarhodek yutmaydilarmi...
Tilimga ololmas ismingni qoʻshib,
Sheʼr bitsam malomat etmaydilarmi?
Ishqing yuragimni yubordi yorib,
Oshiq boʻlganlarning hammasi xormi?
Bir bor nigohingdan poʻlatdek erib,
Soʻng muzlab qolmoqqa ijozat bormi?!
Ketib, ne koʻylarga qoʻyding...
Kelib koʻr,
Meni qay kunlarda qoldirganingni.
Qaraya, tuproqni kuydirmasin deb,
Yer ham olmayapdi oʻldirganingni!
Malika Tavfiq
@elizabets_library