Ayollarni ozodlikdan mahrum qilish yaxshimi yoki ularni o‘z holiga qo‘yishmi? degan savol erkaklar orasida ko‘p tortishuvlarga sabab bo‘lib kelmoqda: nazarimda ha deyishga ham, yo‘q deyishga ham hiylagina asoslar bor. Ovrupoliklar sevgan kishingga ozor berish oliyjanoblikka kirmaydi, desalar, bizning osiyoliklar, ayollar ustidan hukmronlik qilish uchun tabiatning o‘zi bergan huquqni rad qilish pastkashlik bo‘lur edi, deb hisoblaydilar. Ularga tutqunlikdagi ko‘p sonli xotinlar yuk bo‘ladi-ku desang, bitta itoatsiz xotindan o‘nta mo‘min-qobili a‘lo, deb javob qaytaradilar. Osiyoliklar, o‘z navbatida, ovrupoliklar bevafo xotinlari bilan baxtli bo‘lolmaydilar, deb e‘tiroz bildirsalar, ular: sizlar maqtaydigan vafodorlik qondirilgan ehtiroslardan so‘ng paydo bo‘ladigan nafratga monelik qilmaydi, xotinlaringizni butkul tobelikda tutasizlar, ularning visoliga osongina yetishish xohish-istaklaringizni ham, gumonlaringizni ham yo‘qqa chiqaradi, ozgina noz-karashma taomlaringizga solingan tuz va xiyonatni oldini olishdan o‘zga chora emas, deydilar. Ehtimol, mendan aqlliroq kimsa ham bu ikki yo‘ldan birini tanlashda ikkilangan bo‘lardi: osiyoliklar gumonlarning oldini olish vositalarini izlasalar, ovrupoliklar ushbu xavotirlanishlarning umuman bo‘lmasligi uchun ko‘proq harakat qiladilar.
Sharl Lui Monteskye
Fors nomalari
https://t.center/bitikchiuz