Bir qator telegram kanallarda biz va Xalq banki o‘rtasida qilingan shartnoma yuzasidan post chiqibdi. Postda shartnoma biroz xato talqin qilingan.
"Asaxiy Books" loyihasini 2018-yilda O‘zbekistonda kitob sohasini rivojlantirish uchun shakllantirganmiz. Afsuski, O‘zbekistonda kitob borasida biznes rentabil emas. Shu vaqtgacha loyihaga 35.8 milliard so‘mdan ortiq investitsiya kiritdik. Hozir postni o‘qiyotganlar orasida ham bu summaga ulushi qo‘shilganlar bor chunki ular qilgan har bir xarid loyihani rivojlantirishga ketgan.
Lekin, xususiy tadbirkorni ijtimoiy bir sohaga doim pul investitsiya qilish charchatadi. O‘tgan yili mana shunaqa og‘ir bir davrda Xalq banki bilan hamkorlik shartnomasi imzoladik va uni rasman e’lon qildik. Bu yil ham bank bilan hamkorligimiz davom etmoqda va bankning ko‘magi loyiga yashab qolib, rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Bank ko‘magi mualliflik huquqlari to‘loviga, shuningdek kitoblar narxi keskin oshib ketmasligiga, undan tashqari nashriyotda bolalar va o‘zbek adabiyoti uchun yangi redaksiyalar ochilishiga sabab bo‘ldi. Hozirda bir kitobni nashrga tayyorlash ishlari bir necha yuz milliondan iborat bo‘lib, bank uning bir qismini bizga to‘lab beradi. Natijada 2023-24-yillarda kitoblar narxi keskin oshib ketishi oldi olindi, undan tashqari yangi kitoblar dastlabki ikki oy chegirmada sotilmoqda. Bankning ko‘magi bilvosita barcha aksiya va rivojlanishlarga ham sababdir.
Ijtimoiy muhim sohani qo‘llab-quvvatlaganligi, uning rivojiga hissa qo‘shayotganligi uchun Xalq bankiga minnatdorlik bildiramiz. Bugun qo‘rqmasdan bankni O‘zbekistonda ijtimoiy o‘ta muhim kitob sohasining asosiy hamkori deb o‘ylayman.
Hurmat bilan,
Firuz Allayev
Asaxiy kompaniyasi asoschisi.
@allaevuzb