Qaytma...
Qaytma –
aqidangga to‘kiladi dog‘,
Kelmoqlik sha‘ningga to‘g‘ri kelmaydi.
Qaytma –
qayta gullab ketmasin bu bog‘,
Bemahalgi gulda xayr bo‘lmaydi.
Seni asraydilar unda beayov,
Kimsa yuragingni tushunay demas.
Qaytma – tuygʻularning tuynugi qirov:
Endi biz ko‘ngilning odami emas.
Boshin egib qo‘ygan bo‘lsa sochlari,
Kessin... majnuntol ham yuragimga yot.
Umr bot berilmas,
tushungin, pari!
Qaytma,
evaziga
kutay
umrbod...
Rashid Xo‘jamov
28.04.2020-yil