#Qutlov
Nargiza Odinayeva 1988-yili 28-fevralda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan.
“Kelajak ovozi” tanlovi viloyat bosqichi g‘olibi.
“Iste’dod maktabi” III respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. “Yo‘ldagi maktublar”, “To‘rt tomon” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.
E’tiqod
Tuproq bo‘lib yashashni o‘rgan,
Qo‘shilib ol to‘rt fasl bilan.
Oq tonglardan Xizr tush ko‘rgan
“Vatan” degan bir tuyg‘u tilan.
Shu daraxtlar tafting oladi,
Yuragi bor har to‘rt tomonning.
Gar qoqilsang, suyab qoladi
Yelkalari zangor osmonning.
Shu zaminda tog‘lar viqorli,
Shu zaminda shamol mayindir.
Shu zaminda shomlar iforli,
Shukrlaring umr sayindir.
Qo‘l tashlagan quyosh yelkamga,
Ko‘zlarimdan mehr unadi.
“Vatan” desam, dil shu kalomdan
Mehr-muhabbatga qonadi.
Ey vatandosh, inib gullarga,
Egachingga o‘xshab qo‘yaman.
O‘g‘il-qizing yurgan yo‘llarga
Bor jonimni to‘shab qo‘yaman.
Oy tunlarni yoritar atay,
Yo‘l boshiga so‘zsizdek borma.
Qulog‘iga ismingni aytmay,
Kunlaringni qo‘yib yuborma.
Aylanadi ko‘hna charxpalak,
Bu umrning yomg‘irlari bor.
Boshqasining sajdasi bo‘lak,
O‘zing tomon o‘zingni yubor.
Hovuchimga olaman joylab,
Bir qarichmas dunyoning eni.
Had bilmagan kengliklar bo‘ylab
Har tong Vatan uyg‘otar meni.
Batafsilhttps://yoshlikjurnali.uz/nazm/oltin-beshigini-axtaradi-oy/
@yoshlikjurnali