TO‘RTLIKLAR
Izg‘irin cho‘chitgan gulga soqchiman…
Chirog‘i uzilgan yo‘lga soqchiman...
Menga dashnomlaring bas ayla, nodo‘st,
Senga o‘xshamasdan yashamoqchiman...
* * *
(“Siz... Sen... U...” turkumidan)
Kimlar uchun oylar sachradi,
Kimlarga xush “voy”lar sachradi...
...Ot choptirib o‘tarkan KIBR,
Menga esa loylar sachradi...
* * *
Osmonimda moh yolg‘iz…
Yuragimda «oh» yolg‘iz...
Yolg‘iz bilmangiz meni,
Ko‘ksimda Olloh yolg‘iz...
* * *
Sayoz qalb tubida dur bo‘lmas emish…
Betavfiq yuzida nur bo‘lmas emish...
Balki zari bo‘lar, zo‘ri bo‘lar-u,
Nodon – xato quli, hur bo‘lmas emish...
* * *
(«Siz... Sen... U...» turkumidan)
Yo‘lda bir kimsa-ku, ming firib borar…
Cho‘zilgan har shoxni sindirib borar...
Alhazar, biylatmay farishtalarni,
Yelkaga shaytonni mindirib borar...
* * *
Charchatmangiz – orzu bu hayot…
Cho‘chitmangiz – ohu bu hayot...
Pok yo‘llarin aylang ixtiyor...
Yo‘qsa, bo‘lgay og‘u bu hayot...
* * *
Vatanlarning nurlanishi – she'r...
Millatlarning hurlanishi – she'r...
O‘qib-o‘qib, angladim yana:
Yuraklarning tirnalishi – she'r...
* * *
O, bu bosh soxtamas, aslga intiq...
O, bu yosh sershiddat naslga intiq...
Qishning bulutlari ortida qolib,
Quyosh inqilobiy faslga intiq...
1998 yil.
@Gulchehra Nurullaeva
Instagram
YouTube
Facebook