O’zini qidirayotganlar o’qisin…Mutolaa inson dunyoqarashini kengaytirish bilan birga, hayotga qarashlarini ham o’zgartirib boradi. Bir asar ortidan o’ziga xulosa chiqarganlar qancha. Nodir kitoblar mutolaasi sabab kasbini tanlaganlar, maqsadiga yetganlar, yo’lini topganlar ham ko’plab topiladi.
Talabalik davrlarimizda ustoz adabiyotshunos Uzoq Jo’raqulov topshiriqlar bilan bir oyda 20 dan ortiq kitob o’qib chiqqandik. Yana ularning har biri jahon adabiyoti durdonalari. Kafkaning “Jarayon”i, Gi de Mopassanning “Azizim” va “Hayot” romanlari, Jek Londonning “Martin Iden”i, Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni”, “Odisseya”, Bulgakovning “Usta va Margarita”si, Lermontovning “Vadim”i va yana qator ilmiy-badiiy asarlar… Oltinga teng davrlar bo’lgan ekan, o’ylasam.
O’sha paytlarda ustozlar sabab adabiy didimiz ham shakllandi. Biror yangi kitob chiqsa, nomiga qiziqib ichini varaqlayman. Afsuski, hammasi ham biz istagandek badiiyati kuchli, ma’no jihatidan tosh bosmaydigan asar bo’lib chiqadi. Aynan shuni farqlashni o’rganish uchun ham, avvalo, ustozlar tavsiyasi bilan o’qish lozim deb o’ylayman. Albatta, bu faqat ijodkorgagina tegishli emas. Mutolaani sevuvchi har bir odam bu haqida izlanib ko’rishi kerak.
Ijodkor o’qimay qo’ysa, qalami o’tmaslashib boraveradi deyishadi. Shu kunlarda bir so’z yozish istagidagi ijodkor sifatida qaysi kitob mutolaasini boshlasam ekan deb turgandim. Qo’limga
Nazar Eshonqulning “Mendan mengacha” asari tushib qoldi. Nega oldinroq o’qimagan ekanman, deb afsuslandim. Kitobda yozuvchi va ustoz Nazar Eshonqulning adabiy-tanqidiy, ilmiy mulohazalari, suhbatlari o’rin olgan. Jahon va o’zbek adabiyoti namoyondalari ijodiga munosabat bildirilgan, tahlil qilingan.
O’zini qidirayotgan ijodkor uchun ayni asar deb aytolaman. Nafaqat ijodkor, balki mutolaani sevganlar o’qishi kerak bo’lgan kitob. Uning davomi sifatida
“Ijod falsafasi” asari ham nashrdan chiqqan ekan. Tezda qidirishga tushdim. Ikki asar ham men sevgan
“Akademnashr” nashrlari! Nashriyotdagilar eng nodir kitoblarni tanlashiga yana bir bor tan berdim! Dizayni ham, sifati ham o’ziga yarasha!
O’qish istagidagilar bemalol nashriyot do’konlaridan xarid qilishi mumkin. Quvonarlisi, yuqorida keltirilgan asarlarning barchasi mavjud ekan.
Sizga yoqimli va maroqli mutolaa tilayman:@akademsavdo+998994331677