SHEʼR AVJIDA SINDI QALAMIsteʼdodli shoir Mansur Jumayev xotirasiga
Boshi g‘amdan egilib qoldi
Qora bulut ortida quyosh.
Erta so‘lgan bir gulni yo‘qlab,
Osmon tinmay to‘kmoqda ko‘z yosh.
- Mansur...
- Mansur...
Soat yig‘lar:
- Tong otdi, axir,
Uyqudan tur, uydan chiq-chiq-chiq.
Yomg‘ir, yomg‘ir - izillar tomchi,
Derazangni qoqar tiq-tiq-tiq.
- Mansur...
- Mansur...
Kuy avjida uzildi bir tor,
Sheʼr avjida sindi bir qalam.
Fojiali tugadi doston,
G‘aribiga kuydi Shohsanam.
- Mansur...
- Mansur...
Beozor qush oshyonin anglab,
Ovga chiqdi o‘rmalab ilon.
Juftidan ayrildi ona qush,
Uyasida ikki polapon.
- Mansur...
- Mansur...
Ketding...
Duk-duk uradi yurak,
Yurak dunyo eshigin qoqar.
Oltinchi uy bo‘ynini cho‘zib,
Qashqadaryo yo‘liga boqar.
- Mansur...
- Mansur...
Rustam Musurmon,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Qoraqalpog‘iston xalq shoiri