Umumiy sovrin jamg‘armasi
1 million dollarni tashkil qiluvchi
“President Tech Award” tanlovining onlayn ovoz berish bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Bu kabi tanlovlarda noloyiq loyihalar yutmasligi yoki sarflanayotgan mablag‘lar havoga uchmasligi uchun sizu biz ham faol bo‘lishimiz maqsadga muvofiq.
awards.gov.uz saytiga kirib, loyihalar bilan tanishib chiqdim va maʼqullariga ovoz berdim.
Masalan, o‘zim maʼqul deb topganlarim:
Ijtimoiy raqamli texnologiyalar yo‘nalishida:
Mentalaba — abituriyent va talabalar uchun davlat va xususiy OTMlar haqida maʼlumotlar, hujjat topshirish imkoniyati, grant yoki stipendiyalar va boshqa ko‘plab qulayliklarni o‘zida jamlagan loyiha. Doim takrorlab kelaman, taʼlimda qancha ko‘p ochiq maʼlumotlar bo‘lsa, shuncha yaxshi. Mentalaba kabi loyihalar shaffoflik va qulaylikni oshiradi.
Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishida:
Yemak — Qarshi shahrida ovqat yetkazib berish xizmati. Hududlarda zamonaviy servislar rivojlanishi juda muhim. Masalan, oddiygina taksi xizmati hududlarda anʼanaviy usuldan zamonaviy texnologiyalar va menejmentga asoslanib rivojlanyapti. Ovqat yetkazish xizmati ham, shu jumladan. Bunday xizmatlar rivojlanishi odamlar hayotini yengillashtiradi va iqtisodiyotda ham qo‘shimcha qiymat hosil qiladi.
Sun‘iy intellekt texnologiyalari yo‘nalishida:
Tahrirchi — o‘zbek tiliga bag‘ishlangan har qanday loyiha meni xursand qiladi. “Tahrirchi” platformasi ham o‘zbek tilida imlo xatolarsiz yozishda yordam beradi. Loyiha nafaqat oddiy imlo xatolari, balki stilistika va mazmunan xatolarni ham topishni sekin-asta o‘rganib boryapti.
Qolgan 2 ta yo‘nalishda esa nisbatan yaxshi deb o’ylagan loyihalarga ovoz berdim, ichida yaqqol ajralib turgani yo’q ekan. Albatta, bular shunchaki mening tanlovim xolos. Sizda umuman boshqacha bo’lishi mumkin.
Qaysi loyihaga bo’lsa ham, farqi yo’q — asosiysi 10 daqiqa vaqtingizni ayamasdan,
awards.gov.uz saytiga kirib, g’olibni tanlashga hissa qo’shing.
Har bir yo’nalishda g’oliblarga quyidagi mukofotlar beriladi:
1-o’rin: 100 ming dollar;
2-o’rin: 50 ming dollar;
3-o’rin: 30 ming dollar.
Izoh: loyihada ovoz berish biroz murakkabroq ekan. Sun’iy ovoz ko’paytirish holatiga chek qo’yish maqsadida
MyID tizimi orqali FaceID texnologiyasi qo’llanyapti. Ya’ni siz telefoningiz kamerasiga qarab, yuzingiz bilan ovoz berishingiz kerak.
👉 @xushnudbek 👈