YURAK
Nima ham berardim men senga, dunyo,
Sening bozorlaring — Boyvuchcha kelin.
Dunyo bozorlarin odamlari-ho,
Oling, yuragimni sotgani keldim!
Siz — qimmatbahosiz, Men — arzon, arzon.
Sizga balki faqat yuragim arzir.
Sizdan so‘ramayman haqiga osmon,
Faqat osmon kabi yuksaling, axir!
Siz mening qo‘limga tutasiz xanjar: —
Kes!—deysiz.— Parchala! Tashla qiymalab!
O‘rganib qolgansiz nega, odamlar,
Olmoqqa yurakni mayda-maydalab?
Bozorni to‘ldirib og‘riydi jonim...
Baribir tashakkur, Baribir rahmat!
Dunyo bozoriga kelgan insonim,
Mening yuragimni ayama faqat.
Yurakni so‘ysalar — topilmas guvoh,
Har kim bu yurakdan olar keragin.
Men sizni kechirdim... Sizda ne gunoh?
O‘zi ulkan bo‘lsa mening yuragim..
✍️Usmon Azim
@baxt_va_hayot_maktabi