Toshkent aeroportida nogironligi bor shaxslar ishga olindi
“Uzbekistan Airports” kompaniyasi o‘zining ijtimoiy siyosati doirasida sakkiz nafar imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizni ish bilan ta’minladi. Xususan, Toshkent aeroportida faoliyat yurituvchi “Uzbekistan Airports Handling” MCHJ kompaniyasining aeroport terminali xizmatiga eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar yuk aravachasi operatori sifatida ishga qabul qilindi.
Bugun, poytaxt aeroportida O‘zbekiston karlar jamiyati rahbari Go‘zal Shodiyeva va O‘zbekiston Aviatsiya ishchilari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Ulug‘bek Nazirov ishtirokida ushbu xodimlarni ishga qabul qilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Yangi xodimlarga kasaba uyushma a’zosi guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Bundan tashqari, “Uzbekistan Airports” AJ va O‘zbekiston karlar jamiyati vakillari yo‘lovchilar bilan bevosita ishlovchi xodimlarni, jumladan yo‘lovchi tashish xizmati va axborotni qo‘llab-quvvatlash agentlarini imo-ishora tiliga o‘qitishga kelishib oldilar. Bugungi kunda, bu kompaniya uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay muhit yaratish bo‘yicha muhim tashabbusdir.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus jihozlar o‘rnatilmoqda. Xususan, ko‘zi ojiz va ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslar uchun qulay muhitni tashkil etish maqsadida taktil texnik vositalar hamda barcha toifadagi nogironlar uchun axborot terminallari, taktil piktogrammalar va ko‘rsatkichlar, tovushli va taktil mnemonik sxemalar, shuningdek, yordam chaqirish tugmalari joylashtirildi. Mazkur vositalar imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun xizmat qilib kelmoqda.
Web-site |
Facebook |
Instagram |
Telegram |
X |
IOS/Android