Turkistonning onalarini...
O‘n ikki oy birday ishlaydi,
Faqat ishlab ko‘ngil xushlaydi,
Imoratning loyin mushtlaydi,
Bolalarin tishda tishlaydi,
Go‘daklari toqmas, qo‘shlaydi
Turkistonning onalarini...
O‘g‘li Bobur Hind sori bosdi,
Qaytarmoqqa yetmadi dasti,
Nodirasin jaholat osdi,
Jaholatga bor erur qasdi.
Yuragini armon nishlaydi
Turkistonning onalarini...
Mashrab Balxda, dorda salanglar,
Usmon qah-qah urib, alanglar,
Hamzasini tilkalar sanglar,
Tushlari ham ahvolin tanglar,
Tushlari ham toshlab, g‘ishtlaydi
Turkistonning onalarini...
Amir Temur yodi o‘stirar,
Kenagasning dodi o‘stirar,
Sirtmoq, kunda, jodi o‘stirar,
Yassaviyning oti o‘stirar,
Xudo suyar, ruhlar ushlaydi
Turkistonning onalarini...
Afg‘on mulki bo‘ldi minglab er,
Harbiy ketgan yuzlab yigit — yer,
Bir bolaning dog‘i qilar sher,
Qodir Olloh, o‘zing toqat ber,
Yuragida arslon qishlaydi
Turkistonning onalarini...
Olgani shu elidan duo,
Tilovati, selidan duo,
Har qo‘llovchi yelidan duo,
Qo‘lidan ish, tilidan duo,
Boshidan oq ro‘mol tushmaydi
Turkistonning onalarini!
Halima Xudoyberdiyeva
🐺@turkiysoz