Uchta tog‘am bor. Uchalasiyam rassiyachi edi. Ikkitasi haliyam rassiyachi. Faqat bittasi 5-6 yilcha ishladi-yu, topganiga mol-qo‘y qilib, shuni orqasidan ro‘zg‘or tebratdi. O‘ziga shu yoqadi, moldo‘xtir-da.
Ayrimlar, ayniqsa xotini tog‘amni noshudga chiqardi, ikkita o‘g‘ling bo‘lsa, kuching borida uy-joyni harakatini qilmaysanmi, degan dashnomlar ostida yashadi. Lekin tog‘am bitta zoʻr ish qildi: bollarini o‘qitdi. Qiynaldi, qarz bo‘ldi, kam yedi, kiymadi, lekin bollarini oʻqitdi.
Esimda, ukalari tog‘amning ko‘zini ochirishmasdi, bollaringni semirganini qara, bu tengilar dalada ketmon chopyapti, non topyapti, senikilarning qo‘lidan kitob tushmaydi, boqibeg‘amlar, onasini qornidan tushgandan beri kursga boradi, degan gaplar bo‘lgan. Lekin tog‘amni hech kim bilan tortishib-bahslashganini ko‘rmaganman. Fe’li keng odam edi.
Hozir o‘sha qo‘lidan kitob tushmaydigan og‘illarning biri Dubayda yo‘l qurilish kompaniyasida injiner, bittasi otasining yo‘lidan borib, ichki ishlarda kinolog bo‘lib ishlayapti, toparmon-tutarmon yigitlar. Tog‘am haliyam mol boqadi.
Nima qipti, zato ukalaridek sovuq o‘lkalarda kimlargadir qaram bo‘lib ishlayotgani, oilasini bir yilda bir ko‘rayotgani, pochkasini sovuqqa oldirgani yo‘q.
Kichik tog‘alarimning esa dang‘illama uyi hanuz bitmadi. Bitmaydiyam. Bolalariyam oʻzlaridek rassiyachi bo‘ldi. Qachonlardir akasining bolalariga namuna bo‘lgandir, lekin hozir ularga faqat havas qiladi.
Tog‘am otalik, erkaklik, insonlik vazifasini a’lo darajada yashab o‘tyapti. Dang‘illama uyiyam bor, quvonarlisi, bu uchun u yillab umrini sovuq o‘lkalarda o‘tkazmadi, qul bo‘lmadi, shunchaki yuragi buyurgan ishlarni qildi. Tog‘am geroy!
Oygul Hamidullayeva✅ @talabauz