Onlayn yoki oflayn taʼlim haqida bahs yuritilganda, men hech ikkilanmasdan
onlayn taʼlimni afzal koʻrishimni aytgan boʻlardim.
Bu masalada bir necha omillar mening foydamga xizmat qiladi:
-Vaqt tejamkorligi - dars uchun belgilangan joyga borish, taksi/metro/avtobusda sarflanadigan vaqt oʻzimda qoladi.
-Energiya tejamkorligi - borish-kelish va hatto kiyim tanlashdagi oʻzimizga sezilmaydigan energiya sarfi ham tejaladi.
-Pul tejamkorligi - yoʻl xarajatlari, ovqatlanish xarajatlari va hokazolar.
-Qulaylik - alohida tayyorgarliksiz darsga kirishim mumkin. Ya'nı oʻquv markazda boshlanadigan darsga eng kamida yarim soat avval tayyorgarlik koʻrishni boshlasam, onlayn darsda esa shunchaki ovqatlanib boʻlib ham ishtirok etaverishim mumkin.
Tez-tez takrorlanadigan bir necha
salbiy taraflariga ham toʻxtalib oʻtsam:
-
Internetdagi nosozliklar. - Men shu paytgacha ishtirok etgan onlayn darslarda bunaqa muammoga duch kelmaganman (balki ustoz ham, oʻzim ham internetdan muammosiz joyda yashaganimiz uchundir). Agar shunday boʻlgan taqdirda ham darsning yozib olingan variantini istalgan paytda eshitish - yana bir qulaylik.
-
Intizomning yetishmasligi - ya'ni oʻqituvchi tergab turmasa, vazifalar qilinmasligi. Umuman olganda, nimadir oʻrganar ekanmiz, boshimizda har safar kimdir "tayoq koʻtarib" turishga majburmi? Bu oʻzimizning foydamizga ekanini bilishimizning oʻziyoq bizda masʼuliyat bilan yondashishga chorlashi kerakmasmi aslida? Xullas,
men intizom masalasini ta'lim shakliga emas, insonning qat'iyatiga qaratgan boʻlardim.
-
Yuzma-yuz aloqaning yetishmasligi - ya'ni anʼanaviy ta'lim shaklida oʻqituvchini koʻrish, u bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatining mavjudligi. Bu jarayon juda muhim ahamiyat kasb etadigan insonlar borligini unutmagan holda, shaxsan gapirsam, men uchun eng muhimi - oʻrganmoqchi boʻlgan maʼlumotlarimni vaqtida oʻrganishim. Bu jarayonda ustozni koʻrish-ko'rmasligim men uchun hech qanday farq qilmaydi.
Umuman olganda, oʻrganmoqchi boʻlgan ilmimiz bizga nima uchun kerakligini ongli ravishda tushunib, keyin jarayonga kirishsak, ta'lim shaklidan koʻra oʻrganish jarayoniga e'tibor koʻproq qaratiladi, nazarimda.
P/s. Postda butkul oʻzimdan kelib chiqqan holda shaxsiy qarashlarim yozildi. Shu oʻrinda eslatib oʻtishim lozimki, siz ham oʻzingizdan kelib chiqqan holda yuqoridagi fikrlarni rad etish va boshqacha oʻylashga haqqingiz bor.
©Sobirovna ||
@Sobirovna_me