#Yangi_yil_ilhomlari #Tuyuqlar
* * *
O’z yerimga — osmonimga boshla, ko’ngil,
Devorlarga yorildim ko’p bosh-la, ko’ngil.
Bu hayotning bergani pand, olgani qasd,
Men tugadim. Sen yashashni boshla, ko’ngil.
* * *
Zarbi bitmas, netay yurak bosqonimni,*
Garchi bilgay o'zni qancha bosqonimni.
Jangchi hanjariday boʻlsin shakli ruhim,
Ay bosqonim, koʻksim qonar, bos qonimni.
* Bosqon — temirchining qizib turgan temirga urib shakl beradigan ish quroli.
* * *
Yaqinlardan kelgan shikast bitmaydi hech,
Seni bitirsa ham mehr bitmaydi hech.
Dunyo yaralgandan necha koʻshklar bitmish,
Hargiz bitta sabr koʻshki bitmaydi hech.
* * *
Boqdim, taqdir ko'p yog‘inlar taqamish —
Otning tuyog‘ida zangin taqamish.
Bitta ko'zyosh chiritsa ham tovonin,
Chopqir ruhin egolmas ming taqamish.*
* Taqamish — tamoman yengilmagan dushmanni holdan toydirish maqsadida olib boriladigan jang.
* * *
Vafo degani kutganimdan kelmadi sira,
Hatto o’lim maftun aylab o’tdi ora-sira.
Sobit qolgan faqat nechun degan sir qoldi,
Bilsam yetgan kimsa yo’qkan bu qadim sira.
* * *
Koʻksim yordim garchi kiymay sabr otliq sovutginani,
Ey dahri dun, yashash oʻtin alangalat, sovut ginani.
Qay dildaki yurtga, yorga muhabbat bor, oʻtqalagin,
Qay dildaki adovat bor sovutgin ani! Sovutgin ani!
Yulduz Oʻrmonova
@sherSehri