#review #izlam
🕊"Avron"
📖Gulhayo Anorova
Madhiyadan baland aytsang azonni,
Ohlaring osmonni tebratsa oxir.
Ming yil qanotlari bog‘langan qushga
Erkinlik yelleri kelmasmi og‘ir?
Avron - ulug‘ fors lisonidagi bu so‘z toshqin ma'nosini anglatadi. Asosan bunday jimjimador, tilimizdan yiroq, qo‘llanmay qolgan so‘zlar, yosh shoir va nosirlarning kitoblari nomlarida ko‘p uchraydi. Ularning ko‘pchiligi bunday bizga "begona" nomlarni quruqdan-quruq oliftagarchilik uchun tanlashadi. Lekin Gulhayo Anorovaning kitobiga tanlangan nom, ayni u bop.
Gulhayo Anorova she'riyatida tizginlab bo‘lmas kuchli ruhiyat bor. Xuddi shoira ajdarhoni o‘z ichida saqlayotgan jajji musichaga o‘xshaydi, shuning uchun ham uning har bir satridagi nolishlarida avrondek so‘zlar otilib chiqadi. Unda mislsiz dard, firog‘ va iztirob chiziqlarini o‘quvchi darrov ilg‘aydi. Shoira ijodi g‘amnokligi bilan Feruza Xayrullayeva she'rlarini yodga solsa, jasorati bilan Mehrnoz Abbosovani esga keltiradi.
Lekin Gulhayoning eng katta muvaffaqiyati Halima Ahmaddek kamyob shoiralarimiz egalik qilayotgan quyuq metaforalar hosil qila olish iste'dodidadir. Chumoli inini jomga, yoki o‘zini o‘zanin bilmagan mavjga o‘xshatishlar bunga yaqqol dalildir. Ayniqsa shoira bokira so‘zini bir qator ayol jinslarga qo‘llaydi, u bir she'rida bokira o‘rmon desa, boshqasida Hilolni bokira deb nomlaydi. Bu sifatlashning eng cho‘qqisi esa "bokira havo" o‘xshatmasidir. Unda shoira bir so‘z bilan, ikki narsaning bokiraligini ta'kidlashga jazm qiladi.
Yana shoira uchun asosiy mavzu oila sifatida ko‘tariladi. Avvalo aka, so‘ng esa ota va ona munosabatlari she'rda yetakchilik qiladi. Shu oila stereotiplarini deb ham shoira beparda she'rlarga qo‘l urmaydi, unday she'rlar yozmoqlikdan qalamini tiyadi. Doim qiziqsinib bu singari mavzularga juda yaqin keladi-yu, teginishga jur'at etmaydi.
Shunday bo‘lsada, shoiraning qator muvaffaqiyatlari bilan birga kamchiligi ham bor. U o‘z iste'dodini to‘liq ishlatmayabdi. Gulhayo Anorova o‘zidagi iste'dod bilan o‘zbek nazmida tub burilish yaratishga qodir shoira deb bilaman va uning she'rlarini o‘qishingizni tavsiya qilaman. Barchaga yoqimli mutolaa tilab, hurmat va ehtirom ila S.N.K
P.s: 2024-yil o‘qilgan 40-kitob
#photo_by Santuagara