51-mavzu
TABIAT – ONAMIZ!
O‘tgan asrlarda ishlab chiqarishning rivojlanishi, yangi yerlar o‘zlashtirilishi, zamonaviy qurollar yaratilishi bilan boshlangan ekologik muammo XXI asrda yanada avj oldi. Ona zamin o‘ylamasdan va tartibga solinmagan texnogen ta’sirlardan juda qattiq aziyat chekyapti. Ekologik muammolarning achchiq oqibatlari haqida gapirganda, uzoqqa borish shart emas. Birgina Orol dengizining qurib qolishi qanchalik talafot va inqirozlarni keltirib chiqarganiga bugun har birimiz guvohmiz.
Odamzod tabiatan g‘alati mavjudot. Suv – obihayot deydi-yu, lekin tonna-tonna chiqindini dengiz-u daryolarga oqizib uni ifloslantiradi. Yashillikni, fusunkor tabiatni xush ko‘radi-yu, ammo o‘ylab ham o‘tirmay, yashnab turgan daraxtlarga qiron keltiradi. Atom urushidan qo‘rqishadi, biroq minglab gektar joyda sinov tariqasida bomba portlatib, ekologiyaga, o‘z tamadduniga jiddiy zarar yetkazadi. Aslida daryolarni quritgan, unumli yerlarni, o‘rmonlarni cho‘llarga aylantirgan, portlatgan, zaharlagan, xullas, ona zaminni og‘ir asoratlar bilan jarohatlayotgan yagona tirik mavjudot insondir.
Aslida ekologik muammo, atrof-muhit muhofazasi masalasi birdaniga paydo bo‘lib qolmagan. Yillar, asrlar davomida yetilib kelgan muammo ilk marotaba 1972-yilda Stokgolmda o‘tkazilgan BMT konferensiyasida muhokama qilingan. Mazkur konferensiyada «Inson farovon va yuqori qadr-qimmatga ega hayotni taqozo etadigan muhitda yashamog‘i lozim» g‘oyasi ilgari surilgan. BMT tomonidan 1992-yil Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan konferensiyada esa ekologiya muammosi yana jahon afkor ommasining diqqat markazida bo‘lib, unda ikkita muhim hujjat: «Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiya» hamda «Bioxilma-xillik bo‘yicha konvensiya» qabul qilingan. Davlatimiz mazkur xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda qonunchilik bazasi yaratilgan.
Hech kimga sir emas, ekologik muammoga butkul barham berishning yagona yo‘li – ona tabiatni ko‘z qorachig‘idek asrashdir. Lekin har bir odamda ekologik madaniyat bo‘lmasa, bari befoyda. Mavjud resurslardan oqilona foydalanish ko‘nikmasi shakllanmas ekan, ekologik xavf-xatarlar biz bilan yonma-yon bo‘laveradi. Suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, chang-bo‘ron va boshqa tabiiy ofatlar yuz beraveradi. Shuningdek, ekologiyani yaxshilash, yashil tabiatni asrab qolish uchun u qonunan qat’iy himoya qilinishi, qonunbuzarliklarning oldini olish choralari ko‘rilishi lozim.
Jazoning qat’iyligi va hammaga birdek qo‘llanishi jinoyat sodir etish darajasining kamayishiga olib kelishi shubhasiz. Agar bu qoidalar ishlamasa, bunday jinoyatlar yana va yana sodir etilaveradi, ekologiyaga jiddiy zarar yetaveradi. Negaki, ba’zi jinoyatlar aynan jazo turining mukammal bo‘lmaganligi, yengilligi va boshqa ko‘rinishlari sabab tez va qayta sodir bo‘laveradi. Bunday vaziyat qasddan ushbu ishga qo‘l uruvchilarning jazodan ko‘ra, qilgan jinoyatlaridan ko‘proq manfaatdorlik topishlari ortidan bo‘lishi mumkin. Masalan, bir tadbirkor muayyan joydan ko‘p qavatli uy qurishga ruxsat oldi, lekin o‘sha yerda yuzlab daraxtlar bor. Agar qonun mukammal bo‘lmasa, tadbirkor o‘sha daraxtlarni osonlikcha kesib tashlab, uyini quraveradi. Chunki u bu yerdan oladigan daromadi daraxtlarni kesgani uchun to‘laydigan jarimalardan ancha ko‘pligini yaxshi biladi.
Shu o‘rinda ayrim xorijiy davlatlarda ekologiyaga zarar yetkazish qanchaga tushishiga bir qur nazar tashlasak. Eng qattiq ekologik qonunchilik Germaniyada amal qiladi. Qasddan sodir etilgan jinoyatlar – besh yilgacha, o‘ta og‘ir qilmishlar uchun – o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Mabodo ehtiyotsizlik orqasidan ekologiyaga zarar yetkazib qo‘ysangiz, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishingiz mumkin. Belgiyada esa yerga tashlangan har qanday chiqindi uchun 50 yevro, axlatdon yoniga tashlangan chiqindi uchun esa 150 yevro to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Buyuk Britaniyada bunday qonunbuzarlik uchun 100, ifloslanishni nazorat qilish qonunini buzganlik uchun esa 400 funt sterlinggacha jarima solinadi.