Смотреть в Telegram
40-mavzu HAYDAR YAHYOYEV – SALOHIYATLI RAHBAR VA SEVIMLI SHOIR Biryo‘la ham rahbarlik salohiyati, ham badiiy iqtidor hammaga ham nasib etavermaydi. Haydar Yahyoyev ana shunday tole nasib etgan insonlardan biri edi. 1927 yilning 9 yanvarida Samarqand shahrida, kosib oilasida tavallud topgan. H. Yahyoyevning o‘smirlik davri Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. 1945-yildan 1964-yilgacha huquq-tartibot idoralarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. U 1964-yil 11-martda respublika Jamoat tartibini saqlash vaziri etib tayinlanadi. 1968-yilda esa ushbu vazirlik Ichki ishlar vazirligiga aylantiriladi. Haydar Yahyoyev Ichki ishlar vazirligiga 15 yil mobaynida rahbarlik qiladi. Uning boshchiligida ichki ishlar idoralarining faoliyati takomillashtiriladi. Xususan, profilaktika xizmatida ijobiy o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Jazoni ijro etish muassasalarining ahvoli har tomonlama yaxshilanadi. 1966-yilgi Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf etishda, tabiiy ofat chog‘ida aholiga yordam ko‘rsatishda soha xodimlari faol ishtirok etishadi. Ayniqsa, Haydar Yahyoyev rahbarligida tizimda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga alohida to‘xtalish joiz. Vazirlik va hududiy ichki ishlar organlari uchun yangi binolar qurilib, foydalanishga topshiriladi. Ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi. Katta yo‘llarda zamonaviy muntazam YPX maskanlari barpo qilinadi. Haydar Yahyoyevga 1973-yilda «ichki xizmat general-leytenanti» maxsus unvoni beriladi. Huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohalarida erishgan yutuqlari uchun bir qator orden-medallar bilan taqdirlanadi. U yuksak salohiyatli rahbar bo‘lishidan tashqari, yuqorida qayd etganimizdek, qalbi badiiy ijodga, she’riyatga oshno inson edi. Hatto adabiyot ilmi, ijod olami sirlarini chuqurroq o‘rganish uchun Samarqand davlat univesitetining filologiya fakultetida tahsil olgan edi. U o‘z ijodida ota-onani, yor va diyorni, odamiylikni, do‘stlikni vasf qildi. Filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonov «Uch ne’mat sohibi » kitobida ta’kidlaganidek, «O‘zbek adabiyotida falsafiy mazmundagi she’rlari, dilbar g‘azallari bilan ajralib turadigan shoirlardan biri Haydar Yahyoyevdir. Shoir ning asarlari nihoyatda sodda, ayni paytda mushohadaga chorlovchi falsafaga boyki, xuddi qo‘shiq kabi quyilib kelaveradi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, o‘z davrida juda ko‘p hofizlarimiz Haydar Yahyoyev she’rlari asosida ajoyib taronalar yaratishgan». Hozirgi keksa va katta avlod vakillari o‘z yoshligini eslaganida shoirning she’rlari asosida maromiga yetkazib ijro etilgan «O‘tgan kechalar», «Kuylar», «So‘rang», «Ul go‘zal Farg‘onadan» kabi ko‘plab qo‘shiqlarni hali ham xirgoyi qilib turishsa kerak. U o‘z ijod namunalarini jamlab, bir necha bor kitob holida ham chop ettirgan edi. «G‘azalim, senga», «Nido», «Devon», «На всю жизнь», «Tilsim» kabi to‘plamlari shular jumlasidandir. Haydar Yahyoyev hayot bo‘lganida bu yil tabarruk 95 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Uning yorqin xotirasi yaqinlari, shogirdlari, ichki ishlar organlari xodimlari, qolaversa, she’riyat ixlosmandlari, qo‘shiq shinavandalari yodida hamon yashamoqda. KAM BO‘LMAGAY To‘g‘ri yo‘lda yursa har kim, qomati xam bo‘lmagay, Porlagay u siym quyoshdek, hech so‘niq sham bo‘lmagay. Do‘stlar qalbiga boqqan har vafolik ko‘z-hayot, Baxtiyor damlar ziyosidur, vale nam bo‘lmagay. Ham ota, ham mehribon volidaga xizmat etish Har yigitning istagikim, bu yigit kam bo‘lmagay. Mehribonlar xonasida kechalar yongay chiroq, Norasolar davrasida do‘stlar jam bo‘lmagay. Kim baxildir, do‘stlarning baxtiga qilsa hasad, Toza dilga bersa ozor, asli odam bo‘lmagay. Gar «Navo» birlan «Ajam» avlodlardan bir nishon, Bahra olsak, bu xazina to abad kam bo‘lmagay. Ezgulik maftuni bo‘lganlar bilur kuy qadrini, Kim g‘azal shaydosi, Yahyo, ko‘nglida g‘am bo‘lmagay. Haydar YAHYOYEV. Bobomurod TOSHEV.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Бот для знакомств