34 - mavzu
QATAG‘ON QURBONLARI – ISTIQLOL FIDOYILARI
O‘z xalqining milliy manfaatlarini himoya qilib, uning porloq istiqboli yo‘lida jismi jonida kuch topa bilgan va bor haqiqatni aytishga jur’at etgan millatimiz jonkuyarlari birinchi galda markazning qahr-g‘azabiga uchradi. Ular birgina imo-ishora bilan bu kabi yurt fidoyilarini og‘machilik va buzg‘unchilikda ayblash orqali, sha’niga millatchi, xalq dushmani, aksilinqilobchi hamda burjua malaylari singari asossiz bo‘htonlar bilan la’nat tamg‘asini bosishga doimo tayyor turishardi.
Shonli tariximizning bunday zulmatli yillari xalqimiz dilida o‘chmas armon bo‘lib qoldi. Bu haqiqat milliy istiqlol tufayligina yuzaga chiqib, undan butun yurtimiz fuqarolari bahramand bo‘lishdi.
Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir, Elbek, Botu, G‘ozi Yunus kabi iste’dodlar tuhmat-u bo‘htonlar tufayli «xalq dushmanlari» sifatida jismonan yo‘q qilinib, yorqin faoliyati so‘ndirildi. Axir ularning har biri o‘z millatining faxr-u iftixori darajasiga ko‘tarilgan, beqiyos ijodi, yaratgan boy adabiy merosi e’tirof etilgan, har qancha havas qilsa arziydigan insonlar edi. Masalan, ulardan biri professor G‘ozi Olim Yunusovni oladigan bo‘lsak, u 50 dan ortiq asarlar muallifi sanalardi. Arab, fors, nemis, ingliz va turkiy tillarni puxta bilgan. U hatto rus, arab va nemis tillarida Samarqand universiteti, Toshkent pedagogika instituti kabi nufuzli dargohlarda yoshlarga ta’lim bergan. Ammo bunday noyob iste’dodlar qatag‘on jallodlari uchun qadr-qimmatga ega emasdi. Mustabid tuzum farmonbardorlari esa o‘zbek xalqining milliy ongi va tafakkurini o‘stirish, uning o‘zligini tanitishda fidoyilik qilgan jadidchilik harakati namoyandalarini yo‘q qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygandi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 100 mingdan ortiq vatandoshimiz qatag‘on zulmiga uchragan. Ularning bir qismi «xalq dushmani» degan tamg‘a bilan shafqatsizlarcha otib tashlangan. Boshqalari esa uzoq yurtlarga surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda bo‘lib, mol-mulki tortib olingan.
Ona yurtining porloq istiqboli va ozodligi uchun jonini fido etgan buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan «Shahidlar xotirasi» maydoni hamda uning markazida joylashgan «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi bu yerga tashrif buyuruvchilarda, ayniqsa, kelajagimiz egalari bo‘lmish yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda. Milliy me’moriy an’analar asosida barpo etilgan ushbu muzeyga kirishingiz bilan chor Rossiyasi va sho‘ro mustamlakachiligi davrining fojiali manzaralari ko‘z oldingizga keladi. Uchta zal va o‘n bo‘limdan iborat mazkur binoning birinchi zalida O‘rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi hamda unga qarshi ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlari va o‘tgan asrning 30-yillari boshlarida ro‘y bergan siyosiy qatag‘onlargacha bo‘lgan voqealar bilan tanishishingiz mumkin. Ikkinchi zaldagi ekspozitsiyalar 1937–1938, 1940–1950-yillardagi siyosiy qatag‘onlar hamda 80-yillardagi «paxta ishi» haqida hikoya qiladi. Navbatdagi zal esa mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatag‘on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va uni rivojlantirish yo‘lidagi olamshumul ishlarga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, tarixiy adolatni tiklash, mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, o‘zlari quvg‘in-u qatag‘onga uchragan shaxslarning nomlarini oqlash borasida Yurtboshimiz tomonidan 2020-yilning 8-oktabrida «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyish qabul qilindi. Unga muvofiq, «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi va Respublika ishchi guruhi tuzilib, reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash yuzasidan takliflar kiritish belgilab berildi.