Смотреть в Telegram
25-mavzu OLIY QADRIYATLAR VATANGA MUHABBATDAN BOSHLANADI Shunday bir so‘z borki, uni eshitishimiz hamono yuragimiz hapriqadi, ruhimizga nur singadi. Bu muqaddas «Vatan» so‘zidir. O‘zbekiston – o‘xshashi yo‘q bo‘ston. Bu diyorning suvi zilol, havosi shifobaxsh, tabiati go‘zal, maftunkor, bog‘lari serhosil, dalalari unumdor, tog‘lari viqorli, daryolari jo‘shqin, qir-adirlari poyonsiz, shaharlari huzurbaxsh, qishloqlari orombaxsh. Musofirlik zahmatini tortmagan odam yurt qadrini his etmaydi. O‘z mamlakatidagi ijobiy o‘zgarishlarga beparvo, o‘zga yurtlarga mahliyo bo‘lib yashagan odam esa noshukurlik dardiga mubtalo bo‘ladi. Aslida Vataniga mehr-muhabbat qo‘yib, uning tuprog‘ini ko‘zga surtib, betakror tabiatiga mahliyo bo‘lib, obodligidan faxrga to‘lib yashagan insongina baxtlidir. Yurtimizda bunday insonlar juda ko‘p. Shoir aytganidek: Bu ko‘ngil Vatan der, ko‘zimda Vatan, Necha boqmasin ko‘z, yana Vatan der. Qalbimning eng chuqur yerida yotgan Muqaddas, muqaddam so‘zim Vatandir. Vatan bola uchun uyining ostonasidan, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i, mahallasi, shahridan boshlanadi. Keyin kishi ulg‘aygani sayin Vatan tushunchasi ham kengayib boradi. Bugungi kunda Ona sayyoramiz insoniyat uchun yagona Vatandir.Uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash hayot-mamot masalasiga aylanib borayotganligini barchamiz sezib, his qilib turibmiz. Ammo o‘zining kichik Vatanini sevmagan, millatining qadriga yetmagan inson o‘zganing ham, bashariyatning ham, kurrayi zamin obodligining ham qadriga yetishiga ishonish qiyin. Vatanga muhabbat ajdodlar merosiga qiziqish, milliy ma’naviyatdan bahramandlik, o‘z shaxsiy salohiyatiga ishonch, umumbashariyatga hurmat, kelajak oldida mas’ullik tuyg‘ularini tarbiyalaydi. Bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy imon Vatanga mehrdan, mamlakat va xalq oldidagi yuksak mas’uliyat hissidan boshlanadi. Ma’lumki, inson o‘zga yurtda ham bir burda nonini topib, qornini to‘yg‘azishi, hatto boy-badavlat bo‘lishi mumkin. Lekin boshqa mamlakat Vatanning o‘rnini bosa olmaydi. Biz uchun Vatan yagona. Shu bois ham u pulga sotilmaydi va sotib olinmaydi, in’om etilmaydi, qarzga berilmaydi. Bejiz Navoiy bobomiz quyidagi satrlarni bitmaganlar: Vatan tarkin bir nafas aylama, Yana ranji g‘urbat havas aylama. Vatan sog‘inchi buyuk shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ko‘nglidagi eng og‘riqli dard edi. O‘zga yurtda taxt ustida o‘tirib, ulug‘ saltanatga egalik qilib ham musofirchilikdan alam chekib, dardini shunday bayon etadi: Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi, Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda kishi. Ko‘nglum bu g‘aribliqda shod o‘lmadi, oh, G‘urbat-la sevinmas emish, albatta, kishi. Haqiqiy vatanparvar inson el-yurtning ozodligi, mustaqilligi yo‘lida hech narsani, hatto jonini ham ayamaydi. Dunyo xalqlari azaldan o‘z yurtini nihoyatda aziz va muqaddas deb bilgan. Ayniqsa, Sharq xalqlari uchun ona diyori mo‘tabar maskan hisoblangan. Xususan, buyuk ajdodlarimizdan qolgan tabarruk bitiklarda shunday so‘zlarni o‘qiymiz: «Kishining vafodorligi uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi». Demak, insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoyiligi uni Vatanini himoya qilishiga, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam, qudratli bo‘lishiga hamda xalqining tinch-farovon hayot kechirishiga hissa qo‘shishga undashi lozim.
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Love Center - Dating, Friends & Matches, NY, LA, Dubai, Global
Бот для знакомств