23-mavzu
KORRUPSIYA VA MILLIY TARAQQIYOT: MUAMMO VA YECHIMLAR
Korrupsiya hamma zamonda, har bir davlatda eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelgan. Hozirda ushbu illatga qarshi bizning mamlakatimizda ham jiddiy kurash olib borilyapti. Respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar qabul qilingan.
Ma’lumki, shaffoflik, ochiqlik-oshkoralik mavjud joyda korrupsiyaga qo‘l urish murakkablashadi. Shuni nazarda tutgan holda, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlashga, davlat idoralarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishiga, rahbarlarning kundalik faoliyatida jurnalistlar bilan yaqin muloqot va hamkorlik o‘rnatishiga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Tan olish kerakki, bu korrupsiyaning oldini olish, uni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yana bir muhim jihat sifatida so‘nggi yillarda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining isloh qilinganini, 200 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari qulay, markazlashgan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali ko‘rsatilayotganini aytish mumkin. Bu jarayonda inson omilining kamaytirilgani, shubhasiz, korrupsiyaviy holatlarni sezilarli darajada kamaytirdi.
Korrupsiyaning oldini olish, uni yo‘qotish uchun nima qilish kerak, degan savolga hamma har xil javob beradi. Kimlardir jazoni og‘irlashtirish, uning muqarrarligini ta’minlash lozim, desa, boshqalar fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish shart, deya fikr bildiradi. Lekin bir jihatni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Ya’ni, ishi bitishi, muammosi hal bo‘lishi uchun o‘zi rozi bo‘lib, kimlargadir pora berayotgan, bu porani qo‘rqmasdan olayotganlarni ko‘rganlar, jamiyatning turli sohalarida uchrayotgan oldi-berdilarga guvoh bo‘lganlar ongida qanday qilib korrupsiyaga qarshi kurash immunitetini shakllantirish mumkin? Yoki jazo olmasligi uchun ota o‘g‘liga yolg‘on gapirishni o‘rgatib turgan, birovning haqqi degan tushunchaga zid ravishda harom luqma yeyishda ota namuna bo‘lib turgan oilada qanday qilib axloqiy tarbiya haqida gap bo‘lishi mumkin?
Ta’kidlash joizki, pora olib siri fosh bo‘lgan, keyin jazo sifatida aksariyat holatlarda axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash yo jarima bilan «qutulib» ketgan shaxs boshqa safar yana o‘rgangan hunarini davom ettirmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Bu so‘zimizni «Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ham tasdiqlaydi. «Korrupsiyaga qarshi kurashishda qanday choralar eng samarali hisoblanadi?» degan so‘rovga respondentlarning deyarli 61 foizi jinoiy javobgarlik va jazo choralarini kuchaytirish kerak, deb javob bergan.
Masalaning yana bir muhim jihati – mamlakatdagi korrupsiya darajasi uning xalqaro maydondagi ham siyosiy, ham iqtisodiy nufuziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishidir. Boshqa davlatlar bilan munosabatlar, investitsiyalarning jalb etilishi va boshqa jihatlarda ushbu mezon hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Korrupsiya rivojlangan, poraxo‘rlik avj olgan davlatga hech kim investitsiya kiritmaydi. Chunki bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar o‘rtasida hamkorlik, biznes va investitsiya rivojidagi shafqatsiz to‘siq ham aynan korrupsiya sanaladi.
Bu illatga qarshi kurashishda ichki ishlar organlarida ham keng qamrovli islohotlar o‘tkazilmoqda. Shaxsiy tarkib o‘rtasida korrupsiyaga qarshi immunitet va murosasizlikni shakllantirish maqsadida samarali profilaktik choralar ko‘rilyapti. Xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati oshirilib, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat kuchaytirilmoqda. Shuningdek, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng qo‘llanilishi hisobidan fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda inson omilini kamaytirishga erishilyapti.