18-mavzu
QADRIYATLARI QADRLANGAN YURT
Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. Shu bois o‘tganlarning xayrli ishla-rini, qahramonligi va jasoratini yod¬ga olmoq, e’zozlamoq xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biriga aylangan. Ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish qon-qonimizga singib ketgan. Zotan, xotira o‘tmishni anglatib turuvchi muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning orzu-intilishlariga olijanoblik bag‘ishlaydi.
9-may sanasi millatimizning yuksak qadriyatlariga ehtirom ifodasi o‘laroq namoyon bo‘ladi. Chunki uning zamirida yurt ozodligi va tinchligi uchun kurashgan, kuch-qud¬rati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan vatandoshlari¬mizning yorqin xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatish, keksalar ho¬lidan xabar olish, ularni e’zozlash singari ezgu fazilatlar mujassamdir.
Haqiqatan ham, bugun Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy – umumxalq bayramiga aylandi. Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar, front ortida mehnat qilganlar, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qi¬lish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng mash’um qirg‘indir. Olti yil davom etgan bu urush¬da 62 ta davlat, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alari¬dagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan qurolli to‘qnashuvlarga 110 million kishi safar¬bar etilgan va 70 million kishi halok bo‘lgan.
1941-yil arafasida respublikamiz aholisi 6,5 millionga yaqin bo‘lgan, shundan qariyb 2 millionga yaqini urushda qatnashgan. Ya’ni, yosh go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jang maydonlariga kirgan. Eng yomoni, bu dahshatli urushda 500 ming nafardan ziyod yurtdoshimiz halok bo‘lgan.
«Bular shunchaki oddiy raqam¬lar emas. Ularning zamirida mushtipar onalari¬miz, momolari¬miz, mard va jasur otalarimiz, butun xalqimiz qalbidagi cheksiz qayg‘u va hasrat mujassam. Bu dard-u alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi», degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz – Vatanimizning mard va jasur farzandlarini yoddan chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ularning nomi Toshkentdagi Xotira maydoniga o‘rnatilgan Xotira kitoblariga zarhal harflar bilan bitib qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida poytaxtimizda «G‘alaba bog‘i» yod¬gorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi bunyod etildi.
Ikkinchi jahon urushida mardlik va qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan, keyinchalik xizmatni ichki ishlar organlarida davom ettirgan yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Afsuski, ularning aksariyati hozir oramizda yo‘q. Butun umrini yurt tinchligini ta’minlashga baxshida etgan bu qahramonla¬rimiz yosh avlod qalbiga faxr-iftixor bag‘ishlaydi, albatta.
Surxondaryo viloyatining Sari¬osiyo va Uzun tumanlari, keyinchalik Toshkent viloyatining chegara hududlariga bostirib kirgan terrorchilarga qarshi janglarda qahramonlarcha halok bo‘lganlar orasida ichki ishlar organlari xodimlari ham bor. Shu bilan birga, Toshkent shahrida sodir etilgan teraktlar oqibatida bir necha osoyishtalik posbonlari dunyodan erta ko‘z yumdi. Qolaversa, ashaddiy jinoyatchilar bilan olishuvlar vaqtida ham bir qancha xodimlarimiz mardlarcha halok bo‘lishdi.
Hozirgi paytda xiz¬mat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlarining oila a’zolari holidan doimiy xabar olib turiladi. Ularga moddiy-ma’naviy ko‘mak beriladi. Xuddi shuningdek, halok bo‘lgan xodimlarning farzandlari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yoki ishga kirishi uchun imtiyozlar ham joriy etilganki, bu mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yorqin dalilidir.