12-mavzu
KORRUPSIYA – MA’NAVIYAT DUSHMANI
Respublikamizda ham mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi muhim vazifalardan biri sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish, davlat idoralari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro huquq normalari asosida takomillashtirish kabi masalalar dolzarblik kasb etmoqda.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida insonlar hayoti, dunyoqarashi hamda turmush tarzi keskin o‘zgarmoqda. Jamiyatda «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!», «Biz korrupsiyaga qarshimiz!» kabi muhim maqsad shakllandi va uning barcha a’zolarini «halollik vaksinasi» bilan emlash kundalik faoliyatimizga kirib kelmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida korrupsiyaning oldini olish va aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan preventiv choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq e’lon qilib boriladigan ma’lumotlarning aniq ro‘yxati shakllantirildi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralarning Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi farmonida belgilangan ochiqlik sohasidagi majburiyatlarga to‘liq rioya etishi hamda amaldagi qonun hujjatlarining ijro holati muntazam o‘rganilib, monitoring qilib borish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Endilikda har bir vazirlik va davlat idorasining davlat xaridlari sohasidagi faoliyati, o‘z tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirib borilmoqda.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari xatlovdan o‘tkazilib, korrupsiyaviy omillar va huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, qurilish, sog‘liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalariga oid 226 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganida 75 ta normativ-huquqiy hujjatda jami 302 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.
Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va osh¬koralikni ta’minlash bo‘yicha qonunchilikka bir qator o‘zgartishlar kiritildi:
– xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi va uning affillangan shaxsi bir savdoda ishtirok etishi, xarid komissiyasi a’zosining ishtirokchilar bilan affillanganlik holatida ovoz berishi cheklandi;
– Hisob palatasi davlat xaridlarini auditdan o‘tkazishi va natijalarini har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishi hamda ochiq axborot manbala-rida e’lon qilib borishi belgilandi;
– Moliya vazirligi va boshqa ishtirokchilarga savdo natijalari, qonun buzilish holatlari va tahliliy ma’lumotlarni ochiq axborot manbalarida e’lon qilib borish vazifasi yuklatildi;
– maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirildi;
– qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli norma kiritildi;
– davlat xaridlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni tekshirish amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etib borilmoqda.
Bugungi kunda budjet xarajatlarini tartibga solish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, budjet qonunchiligining buzilishi faktlari to‘g‘risida xabardor qilish va budjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish maqsadida «Open budget» – «Ochiq budjet» portali faoliyat yuritmoqda.