Ona yuragi va farzandlarga mas’uliyat
Ba’zan o‘ylab qolaman: Alloh menga bergan har bir sinov va mas’uliyat aslida o‘zimni anglashim, xatolarimdan saboq olishim va to‘g‘ri yo‘lga qaytishim uchun bir eslatma ekan. Uch nafar farzandim – biri biridan shirin. Bugun qalbimda savollar charx urdi:
Hadicham – 6 yoshli go‘zal qizaloq. Uning nozik va katta qalbi bor. U bilan alohida shug‘ullanish, uning ruhiyatiga e’tibor berish men uchun naqadar muhim! Uni to‘g‘ri yo‘lda tarbiyalash, ilmli va taqvoli qilib ulg‘aytirish mening burchim.
Musom – endi 3 yoshli sho‘x va qiziqqon o‘g‘il bola. U dunyoni o‘zicha kashf qilmoqda. Unga qanday munosabatdaman? Uning sho‘xliklariga qanday javob beraman? U qo‘rqoq bo‘lib qolmasligi uchun uni yumshoq tarbiyalashim va mard, jasur ummatning bir rijoli bo‘lishiga ko‘maklashishim kerakligini anglab yetyapman.
Oysham – mittigina farishtam. Hali 10 oylik, injiqliklari bir dunyo. U har soatda nimadandir yig‘laydi, va men savol beraman: “U nimani xohlayapti? Balki qorni ochmi? Yoki uyqusi keldimi? Balki qayeridir og‘riyaptimi?” Har lahza uning ehtiyojlarini anglashga harakat qilaman. Uning xotirjam uyqusi, sog‘lom o‘sishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solaman.
Shunday paytlarda o‘zimdan so‘rayman: farzandlarimga qanday ona bo‘lyapman?
Men hali yoshman, endigina 25 yoshni qarshi olyapman, lekin uch farzandning mas’uliyati bilan yashayapman. Alloh menga shunday buyuk vazifani topshirgani – bu uning menga ishonchi. Robbimga tavakkul qilaman, sabrimni mustahkam qil, bu yo‘lda menga yordam ber!
Duoim:
"
Ey Robbim! Farzandlarimga yaxshilik bilan g‘amxo‘rlik qilishni menga nasib qil. Ularni dunyo va oxiratda baxtli, foydali, ilmli va taqvoli bandalaring qatoriga qo‘sh. Menga o‘z yo‘lingda sabr, hikmat va quvvat ato et, ilohim!"
Aziz onalar! Farzand tarbiyasi – bu oson emas, lekin eng savobli amallardan biri. Har bir daqiqa, har bir mehrli so‘z va har bir duo – ular uchun eng qimmat sovg‘a. Tavakkulimiz Allohga, mehnatimiz esa ularga, insha Alloh!
#kech bo'lganda kelgan fikrlarim
@khujamovanisa