ONA TILIM
Olamshumul sado boʻlib yangrading
Toʻmarisning metin qalqonlaridan.
Men esa nomingni topmoq istadim
Navoiy va Bobur devonlaridan.
Nodira qalbiday kuylasang yonib,
Poyingga tiz choʻkar Koʻhiqof togʻi.
El yashamoq boʻlsa sendan-da tonib,
Bukila boshlaydi Hisor oyogʻi.
Olamni larzaga solgan toʻrtta harf
Toʻrt tomon emaklab ketdi toʻxtamay.
Unutsam, umrimning goʻzalligi hayf,
Kuylash kerak boshqalarga oʻxshamay.
Qodiriy boʻlmadim, boʻlmadim Choʻlpon,
Umr — uzun arqon, dil — qorongʻu uy.
Yuragim jonimdan soʻrganda oʻlpon,
Sizilib chiqadi tomirimdan kuy.
Yurak, aylan Danko qalbiga endi,
Kubro misol shior tanla, vijdonim.
Koʻzimiz yoshidan chechaklar undi,
Baxtdir oʻz tilingda kuylamoq, jonim!
JOʻRABEK RAMAZON@JorabekRamazon